18:28 / 05.12.2015
6639

Seul markazida 40 ming kishi prezident iste'fosini talab qilmoqda

40 mingga yaqin kishi Seul markazida bo‘lib o‘tayotgan norozilik aksiyasida Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xening iste'fosini talab qilmoqda.

Ryonhap agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishda Koreya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Fermerlar assotsiatsiyasi federatsiyasi va boshqa jamoat tashkilotlarning a'zolari ishtirok etmoqda. Shaharda 15 ming nafardan ziyod huquqni muhofaza qilish organlari tartibni saqlashga jalb etilgan.

Jamoatchilikning noroziligiga Xitoy bilan erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvga erishgani va hukumatning o‘rta va oliy ta'lim muassasalari uchun yagona tarix fani darsligini tuzish bo‘yicha rejasi sabab bo‘lmoqda. 

Jumladan, fermerlar markaziy hukumatdan o‘z raqobatbardoshligini xitoy ishlab chiqaruvchilariga nisbatan oshirish uchun imtiyoz va kompensatsiya to‘lovlari bilan ta'minlanishini talab qilmoqda.

Hukumatga qarshi namoyishlar so‘nggi bir oy ichida ikkinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Seulda birinchi yirik miqyosli norozilik namoyishi 14 noyabrda bo‘lib o‘tgan edi. 60 mingga yaqin kishi ishtirok etgan aksiyada namoyish qatnashchilari va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.

Top