Jahon | 09:23 / 05.12.2015
2041
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Parijdagi teraktlarda gumon qilinuvchilar Buyuk Britaniyada bo‘lishi mumkin

Parijdagi teraktlarni tergov qilish natijasida gumon qilinuvchilar Buyuk Britaniyada bo‘lishi mumkinligi ma'lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal nashri.

Maxsus xizmatlar ma'lumotlariga ko‘ra, teraktlar tashkilotchisi Abdulhamid Aba'ud bilan aloqadorlikda gumon qilinuvchi bir necha kishi Birmingemda qolmoqda. Gumon qilinuvchilardan biri teraktlargacha Buyuk Britaniyada bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

London politsiyasi ushbu ma'lumotga izoh berishdan bosh tortdi.

Nashrning ta'kidlashicha, Birmingemda ekstremistik tashkilotlar bilan aloqador odamlar mavjud. Xususan, birmingemlik Junayd Husayn Suriyaga borib, u yerda IShIDning xakeriga aylangan. U AQShning havo hujumlaridan birida Raqqada yo‘q qilingan.

Bu orada Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Maykl Fellon Buyuk Britaniyaning yirik shaharlarida Parijdagi kabi teraktlar amalga oshirilishi mumkinligidan xavotir borligini aytdi. Shu sababli mamlakat hukumati xavfsizlik choralarini kuchaytirdi va chegara nazoratini qattiqqo‘llashtirdi.

Avvalroq Vengriya hukumati Parijdagi teraktlar tashkilotchilaridan biri Budapeshtda bo‘lganini ma'lum qilgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish