23:41 / 06.12.2015
4320

Avstraliyalik rejissyor O‘zbekiston haqida hujjatli film suratga olmoqchi

Avstraliyalik taniqli rejissyor va operator Lyudovik Peto O‘zbekiston haqida hujjatli film suratga olmoqchi.

Ayni kunlarda u Toshkentda bo‘lib, ushbu loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Peto tig‘iz ish jadvaliga qaramasdan, “Sputnik Uzbekistan” muxbiriga O‘zbekiston bilan hamkorlikdan nimalar kutayotgani haqidagi fikrlari bilan bo‘lishdi.

“Men qiziqarli tarixlar izlab butun dunyo bo‘ylab doimo sayohat qilaman va O‘zbekiston bu borada xazinadir. Ulkan hududlar, qiziqarli landshaftlar, ko‘plab noyob joylar –odamlar aynan shu narsalar uchun televizorni tomosha qilishadi. Ular o‘rganilmagan narsalarga tegishni istashadi”, deb aytdi Peto.

Peto France 5, Discovery Channel, SBS va ABC kabi jahonning bir qator yetakchi telekanallari bilan ishlaydi. Uning aytishicha, bu telekanallar bugunda keng jamoatchilikka notanish bo‘lgan joylar va u yerdagi odamlar haqida so‘zlovchi filmlarga qatta qiziqish bildirmoqdalar.

Petoning o‘zi O‘zbekistonning madaniy merosi, uning boy tarixi va an'analari, shuningdek, ko‘plab madaniyat va bu hududda ming yillardan ko‘proq vaqt yashagan millatlarning bir-biriga qorishib ketgani haqida so‘zlab berishni istamoqda. Shuningdek, rejissyor noqulay sharoitlarda, misol uchun Orol mintaqasi yoki Qizilqum cho‘llari chegarasida yashagan irodali odamlar haqida lavhalar yaratmoqchi.

Petoning ta'kidlashicha, hujjatli film avvalambor Yevropa auditoriyasiga mo‘ljallanadi.

Lyudovik Peto ekologiya va fan haqidagi hujjatli filmlar muallifi va rejissyori sifatida tanilgan. Hozirda u issiqlik to‘lqinlari va ularning turli ekotizimlarga ta'siri, to‘lqin energiyasidan foydalanish istiqbollari haqida so‘zlovchi filmlar seriyasi ustida ish olib bormoqda. U bir necha bor nufuzli mukofotlar bilan taqdirlangan.

Top