14:33 / 06.12.2015
5193

Ozarbayjonda Kaspiy dengizidagi neft platformasidagi yong‘in tufayli motam e'lon qilindi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Kaspiy dengizida joylashgan "Gyuneshli" nomli neft platformasida ro‘y bergan halokatli yong‘in tufayli mamlakatda bir kunlik motam e'lon qildi. Bu haqda AzTV telekanali efirida aytilgan.

Ozarbayjonning SOCAR neftkompaniyasiga tegishli bu neft platformasida 5 dekabr kuni ro‘y bergan yong‘in oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘lgan.

Yong‘in bo‘ronli ob-havo sharoitida gaz liniyasining ishdan chiqishi oqibatida yuzaga kelgan. Bundan tashqari, olov platformadagi neft va gaz quduqlariga o‘tgan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Yong‘in vaqtida shamol tezligi soniyasiga 40 metrni tashkil etgan, olov 40 metr balandlikka o‘rlagan.

Bu yong‘in tufayli 28ta neft qazib olish qudug‘ida ish to‘xtab qolgan.

Ozarbayjon Bosh prokuraturasi bu yong‘in yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

Top