23:23 / 07.12.2015
17125

Guardian IShIDning ichki hujjatlarini qo‘lga kiritdi

Guardian gazetasi ixtiyoriga IShID terrorchilik guruhining ichki hujjatlari kelib tushdi. Bu hujjatlar guruh ichida yuz berayotgan batafsil tasvirni beradi.

IShID 2014 yil iyunda Iroq va Suriyada “halifalik” e'lon qilib, dastlab tashqi ko‘rinish va xatti-harakatlar – yopishib turadigan kiyim kiyishni taqiqlashdan tortib terrorchilar “vaqtni behuda o‘tkazish” deb hisoblaydigan kabutar boqishni taqiqlashgacha farmoyish bergan.

So‘ngra guruh davlat tuzishga bag‘ishlangan hujjatlarni yaratishga kirishgan. Guardian‘ning e'tiborini “halifalik" yaratilgandan keyin tez orada yaratilgan “IShIDni boshqarish tamoyillari” deb nomlangan 24 betlik hujjat o‘ziga tortdi.

Bu dasturda IShIDning ta'lim tizimi va tashviqoti, xalqaro munosabatlari, neft va gaz savdosi ustidan nazorati ifodalangan. Hujjatda xususiy investorlarga oltin, neft va gazga sarmoya kiritish taqiqlanadi, biroq IShIDdan qayta ishlash uchun xomashyo sotib olishga ruxsat beriladi. Shuningdek, unda tayyorlov, bolalar va tajribali jangarilar mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan harbiy lagerlarning murakkab tizimi bayon qilingan.      

Guardian’ning yozishicha, bu dastur terrorchilik guruhi davlat qurilishiga qanchalik sinchkovlik bilan yondashganini ko‘rsatadi. G‘arb koalitsiyasi kuchlari oldida shunchaki “arifmetik harbiy vazifa” turmayapti, degan xulosaga kelish mumkin, ya'ni “IShID endilikda jangarilar yig‘indisi emas”. “Agar G‘arb IShIDni shunchaki psixopatlar to‘dasi deb hisoblayotgan bo‘lsa, unda terrorchilik guruhiga yetarlicha baho bermayotgani xatari bor”, deb aytmoqda iste'fodagi AQSh generali Stenli Makkristal.

Shu bilan birga, gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, IShIDning oxirgi 5 oydagi hujjatlari xavfsizlik choralari va harbiy safarbarlikka bag‘ishlangan bo‘lib, bu IShIDda “borgan sari qo‘rquv kayfiyati avj olayotganidan” darak beradi. Xususan, terrorchilik guruhi xususiy Wi-Fi tarmoqlarni taqiqlab qo‘ygan va ehtimol jangarilarning yetishmayotgani sababli dezertirlar uchun amnistiya e'lon qilgan.

Top