Jamiyat | 08:00 / 07.12.2015
7363
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda 150 juftlik ishtirokida ommaviy nikoh marosimi o‘tkazildi

Hindiston g‘arbidagi Gujarot shtati hududida bir vaqtning o‘zida 150 juftlikning nikoh marosimi o‘tkazib berildi. Bu haqda Assoshieyted Press agentligi xabar qilgan.

Xabarda aytilishicha, bu to‘yda kelinlar an'anaviy qizil-yashil sarilar kiyishgan. Kuyovlar esa uzun tunikalar kiyib, boshlariga salla qo‘ndirishgan.

Qayd etilishicha, bu to‘y marosimi xarajatlarini olmos biznesi bilan shug‘ullanuvchi milliarder Maxesh Savani to‘lab bergan.

O‘zining aytishicha, u 2008 yilda ilk marta o‘z xodimlaridan biri 2 qizining nikoh marosimiga 2 kun qolganida vafot etgach, ota rolini bajarib, shunday to‘y marosimi o‘tkazib bergandi.

Savani har yili otasiz qolgan kambag‘al oilalar qizlarining turmushga chiqishi xarajatlari uchun xayriya mablag‘lari ajratib keladi.

Xabarda aytilishicha, bu yilgi o‘tkazilgan ommaviy nikoh marosimi uchun Savani 50 mln rupiya (750 ming dollar) sarflagan.

To‘yda 100 mingga yaqin mehmon ishtirok etgan.