Jahon | 14:21 / 07.12.2015
3609
7 daqiqa o‘qiladi

Kaddafining ikkinchi o‘g‘li ustidan sud ishi qaytadan boshlandi

O‘tgan yakshanba kuni Tripolida Liviyaning sobiq rahbari Muammar Kaddafining o‘g‘li Sa'diyning ishi qaytadan ko‘rib chiqila boshlanadi. U 2011 yilga inqilobdagi norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirishda va yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, u Liviya futbol federatsiyasi mulkini noqonuniy o‘zlashtirish hamda liviyalik taniqli futbolchi Bashir ar-Riyoniyning o‘limida ayblanmoqda.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, yangi hukumat o‘z raqiblaridan o‘ch olish bilan ovora ekan, mamlakat IShID platsdarmiga aylanib qolmoqda. Suriyadagi ixtilof tufayli Liviyadagi vaziyat jahon hamjamiyati nazdida ikkinchi darajaga tushib qoldi, lekin Kaddafining ag‘darilishi bilan mamlakatdagi vaziyat yaxshilanmadi.

BMTning oxirgi hisobotiga ko‘ra, Liviyada IShIDning bo‘linmalari mustahkam o‘rnashib olgan bo‘lib, Afrikaning boshqa davlatlariga kirishda aynan shu yerdan foydalanmoqda. Bu paytda esa mamlakatning yangi hukumati eski raqiblarini yo‘q qilish bilan ovora. Kaddafining o‘g‘illaridan biri Sayfulislom qatl hukmining ijrosini qamoqda kutmoqda. Uning ukasi Sa'diy esa, sud ishni ko‘rib chiqishni vaqtinchalik to‘xtatganiga qaramay, bir necha oydan buyon qamoqda saqlanib kelmoqda.

Sa'diy Muammar Kaddafining ikkinchi nikohidan bo‘lgan ikkinchi farzanddir. Uning bolaligi haqida deyarli hech narsa ma'lum emas. O‘sha paytlarda mamlakatning oliy organi bo‘lmish inqilob qo‘mondonligi kengashi raisi Kaddafi o‘g‘lining futbolga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirib, kelajakda uning professional sportchi bo‘lishiga zamin yaratdi.

Sa'diyning Tripolidagi mashg‘ulotlariga Muammarning do‘sti bo‘lgan Diyego Maradona kelib turardi. Shunga qaramay, Sa'diy Liviyaning bir nechta klublarida to‘p surdi, terma jamoa tarkibida esa ikki marta maydonga tushdi. Italiyaning “Peruja”, “Udineze”, “Sampdoriya” jamoalari tarkibida esa umumiy hisobda ikki marta maydonga tushdi.

“Al-Ittihod”ga bir yil murabbiylik qilgan Lev Ivanov o‘sha paytda jamoa tarkibida to‘p surgan Sa'diyning iste'dodiga ancha past baho bergan edi.
“Kaddafining o‘g‘li o‘zicha jiddiy bo‘lib yurardi – atrofida har doim tan soqchilari bo‘lar, mashg‘ulotlarda 6-7 avtomatchilar turardi. Uning mashinasi bilan birga qo‘riqchilar o‘tirgan 2ta jip yurardi”, - eslaydi mutaxassis.
Futbolchi sifatida juda sekinligiga qaramay, jarima to‘plari va penaltilarni faqat u tepar, birorta murabbiy uni o‘yindan olib tashlashga jur'at eta olmas edi. Uning hatto Italiya klublari tarkibida to‘p surgani esa Silvio Berluskoni bosh vazirligi yillarida Liviya-Italiya iqtisodiy munosabatlarining iliqligi bilan tushuntiriladi.

Sport karerasi bilan bir paytda Sa'diy tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanardi. Neft biznesidan tashqari, u futbol jamoalarining aksiyalarini xarid qilar yoki Italiya uchun manfaatli shartnomalar tuzar, buning evaziga esa uni o‘sha klublarga qabul qilishardi.
2010 yili u Tunis bilan chegarada “cho‘l ichidagi mini-Gonkong” deb nomlangan erkin iqtisodiy zonani tashkil etishga bel bog‘ladi. Hollivudning Natural Selection kinokompaniyasining yaratilishiga 100 mln dollar pul kiritgan Sa'diy kinosanoatni har doim sevganini ta'kidlab o‘tdi. Ammo bu loyihalarning bari aro yo‘lda qolib ketdi.

Isyon boshlanganda Sa'diy uning asosiy o‘chog‘i bo‘lmish Bing‘ozida edi. Askarlardan birining VVS radiosiga bergan intervyusida aytilishicha, Sa'diy isyonchilarga bir kun teginmaslikka, ertasiga esa o‘t ochishga buyruq bergan. O‘sha yerda 200 kishi o‘ldirilgan. Sa'diyning o‘zi buni isyonchilarning askarlarga hujum qilgani va ular o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘lgani bilan tushuntirishga urinib kelmoqda.
Bing‘ozini ushlab qololmagan Sa'diy Tripoliga, u yerdan esa Nigerga qochdi. Oilaning bir qismi Jazoirda, bir qismi Ummonda yashirindi. 20 oktabr kuni Kaddafi isyonchilar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Uning omon qolgan qarindoshlari ta'qibga olindi.

Interpol Nigerni Sa'diyni topshirishga uzoq ko‘ndirdi. Dastlab Niger unga boshpana gumanitar asosda berilganini ta'kidlab, bundan bosh tortdi, keyinroq esa, 2014 yili Sa'diy shartni buzib, unga ajratilgan uydan chiqib ketganini sabab qilib ko‘rsatib, Tripoliga ekstraditsiya qildi. O‘sha yilning yozida internetda paydo bo‘lgan bir videorolikda Sa'diyning “al-Xadba” qamoqxonasida qiynoqqa solingani aks etdi.

Xalqaro huquq himoyachilarining e'tirof etishicha, Liviyaning qamoqlaridagi sharoitlar Kaddafi zamonidagidan ancha qattiqlashib, sudlar amalda siyosiy raqiblarni yo‘q qilish mashinasiga aylandi. “Liviya suverenitetini yo‘qotgani bois, hech qanday sud jarayonlari adolatli va xolis o‘tishi mumkin emas. Liviyada qonun ham, neytral sudyalar ham yo‘q”.

Mamlakatning ko‘pchilik qismini amalda nazorat qilmaydigan hukumat suddan ustalik bilan foydalanmoqda. Sa'diy va boshqalarning ishi ko‘rilayotgan bu muassasalarni “kenguru sudi” deb atashmoqda. Bunday sudlarda qanday qaror chiqarilishi faktlarga emas, hukumatning manfaatlariga hamda sudni nazorat qilayotgan qurolli guruh irodasiga bog‘liq.

BMT mutaxassislarining fikricha, Liviyada IShIDning 2 ming jangarisi bor, va ular hukumatning kuchsizligidan foydalanib, mamlakat ichidagi hududlarini kengaytirmoqda. Bing‘ozi va Sirt shaharlari allaqachonlar jangarilar nazorat ostida. Sirtning o‘zidayoq 1.5 ming jangari turibdi. IShID rasmiylari bir necha marotaba Liviya o‘z faoliyatini nafaqat Afrika, balki Yevropa tomon kengaytirish uchun eng to‘g‘ri keladigan mamlakat ekanligini aytgan edi. Liviya dengiz orqali Italiya bilan chegaradoshdir.

Ayni kunlarda mamlakatda ikki hukumat, uch etnos va ko‘plab terrorchi guruhlar o‘rtasidagi kurash davom etmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish