Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Roison Electronics” mahsulotlari endi Jizzaxda ham ishlab chiqariladi
2015 yilning 6 dekabr kuni “Jizzax” Maxsus industrial zonasida keng assortimentdagi "Roison Home White Goods" zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish qo‘shma korxonasining ochilishi marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi arafasida Jizzax shahrida ishga tushirilgan yangi sanoat korxonasining ochilish marosimiga viloyat va shahar hokimligi, keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari to‘plandilar.


Bugungi kunga kelib, “Jizzax” MIZ hududida bir-birini takrorlamas, turli xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yirik sanoat korxonalari, jumladan, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar soni tobora ortib bormoqda.
Loyiha qiymati 26,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadigan mazkur korxonaning yillik quvvati 650 ming dona maishiy texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Jumladan, 100 ming dona muzlatgich, 50 ming dona konditsioner, 50 ming dona kir yuvish mashinasi, 100 ming dona gaz plitasi, 100 ming dona LED televizorlari, 50 ming dona changyutkich va 200 ming dona elektr duxovka pechlari ishlab chiqariladi.

Eng muhimi, mazkur korxonaning ishga tushirilishi natijasida 340 ta yangi ish o‘rni yaratilishi fuqarolarimiz, ayniqsa, kollej bitiruvchilarining bandligigi ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirda korxonaning joriy yilda ishga tushirilayotgan 15,3 mln. AQSh dollarilik birinchi bosqichida 325 ming dona maishiy texnika vositalari ishlab chiqariladi va 200 ta ish o‘rni yaratiladi. 2016 yilda 11,3 mln. AQSh dollarilik ikkinchi bosqichda esa 140 nafar yoshlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘ladilar.




Mazkur korxonani ta'sis etish ishlari 2014 yilda boshlangan bo‘lib, “Jizzax” MIZ Ma'muriy kengashi tomonidan tasdiqlangan bayonnomaga asosan “Roison electronics” mas'uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi (13,6 mln AQSh dollari o‘z mablag‘i), “Roison White Goods" qo‘shma korxonasi hamda Buyuk Britaniyaning "Fortalia Consult LLP" korxonalarining (7,9 mln. AQSh dollari chet el investori mablag‘i) hamda tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining (5,1 mln. AQSh dollarilik) mablag‘lari asosida barpo etildi.
Eslatma: 2015 yilda mazkur hududda 8 ta sanoat korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. “Jizzax” MIZ direksiyasidan olingan ma'lumotga ko‘ra yil yakuniga qadar yana 3 ta korxonaning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.