20:23 / 09.12.2015
13592

Alibobo 80 yoshda!

Dxarmendra — mashhur hind kinoaktyori, prodyuser, siyosatchi. Panjoblik (janubiy Hindiston) bu aktyor o‘z imidjini yaratib, oilasi va qishlog‘ining faxriga aylandi. U — nufuzi jihatidan Hindistonda uchinchi pog‘onada turuvchi “Padma Bxushan” fuqarolik mukofoti sovrindori. “Filmfare”, “Zee Cine” va hind kinoakademiyasi mukofotlari bilan ham taqdirlangan. Ekranda mardonavorlik timsolini o‘ziga xos tarzda aks ettirgan aktyor hozirgi sakson yoshida ham hurmat bilan tilga olinadi. Dxarmendra ijrosidagi o‘zbek va hind kinoustalari tomonidan suratga olingan “Alibobo va qirq qaroqchi sarguzashtlari” filmini 70 dan ziyod mamlakat sotib olgan. Mazkur kartina Hindistonda to‘qqiz oy mobaynida ekranlardan tushmagan...

“Sen, yaxshisi, xokkey o‘yna!”
Dxarmendra — Dxaram Keval Krishn Singx Deol 1935 yilning 8 dekabrida Panjob shtatining Fagvar qishlog‘ida dunyoga kelgan. U tug‘ilgan oila eski aqidalarga berilgan va kelajakda bolakayning aktyor bo‘lishi hech kimning xayoliga ham kelmagan edi. Dxaram esa bolaligidan kinoga tushishni orzu qilardi.

19 yoshida uylangan Dxaram Amerikaning Hindistondagi korxonalaridan birida burg‘ulovchi bo‘lib ishlay boshladi. Ammo kinoga bo‘lgan intilishini aslo susaytirmadi. Avval boshdan kinoga orzumand Dxaram qadrdon qishlog‘i Pxagvardan bir necha chaqirim yo‘l bosib, Surayyoning suratga tushayotganini ko‘rish boshqa hududga yo‘l olardi. U burg‘ulash korxonasida xizmat qilayotgan bo‘lsa-da, bu ishga mehr qo‘ya olmadi.

Dxarmendra qiyofasida shoirona hissiyot va askarona qat'iyat uyg‘unlashib ketgan va... boshqa hech nima kerak emas edi. Shon-shuhratining cho‘qqisida Dxarmendrani dunyodagi eng chiroyli o‘n nafar erkagi safiga qo‘shishgani bejiz emas.

U aktyor bo‘lishga qat'iy ahd qildi. Pagxvardan ketishi oson bo‘lmadi, albatta. Aktyorlikni orzu qilgan Dxaram Filmfare tanlovida qatnashish uchun poyezdga o‘tirib, Bombeyga yo‘l oldi. Biroq kinosinovdan so‘ng rejissyor unga xokkey o‘ynasa yaxshiligini maslahat berdi. Xayriyat prodyuser Xingorani Dxaramga ishondi va 51 rupiya evaziga “Hayotim va qalbim seniki” (1960) filmida suratga tushishi uchun shartnoma tuzdi. Bu gonorarga mahalliy yemakxonada faqat nonushta qilib olish mumkin edi, xolos.

Film muvaffaqiyatsizlikka uchradi, biroq Dxarmendra uchun start berilgan edi. Kinoindustriyadagi dastlabki o‘n yil mobaynida uning omadi yurishmadi. Dxarmendraning aktyorlik mahoratini kuchli hisoblamasdilar, Dxaram esa iste'dodini isbotlashga qaror qildi. Undagi ishonch va ko‘rkam qiyofa o‘zining istiqbolini belgilab berdi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Dxarmendra barcha to‘siqlarni oddiy tabassumi bilan bartaraf qila boshladi va sekin-asta omad zinasidan ko‘tarila bordi. 60-yillarda Dxaramning tanlash ko‘lami katta bo‘lmagan. U shartnoma imzolagan kinoasarlar bosh qahramoni ayollardan iborat edi: “Mahbus ayol” (bosh rolda Nutan), “Taqdir hazili” (Mala Sinxa) va “Main Bhi Ladki Hoon” (Mina Kumari ishtirokida).

Bora-bora Dxaram o‘zining tashrifini his etishlarini samimiylik ila singdira boshladi. Biroq u hanuz ikkinchi darajali rollarni o‘ynashga ham rozi edi. Jumladan, superyulduz Rajyendra Kumar va go‘zallik qirolichasi Sayrabonu ijrosidagi “Muhabbat asri” (1964) xuddi shunday film bo‘ldi.

Kinodagi kichik rollaridan so‘ng u bosh qahramonlarni o‘ynab, ekranni egallay boshladi va ortiga qaramadi. Keyin bir nechta filmda suratga tushadigan yulduzga aylandi. “Anpad”, “Bandini” va boshqa filmlarda o‘zgacha qiyofada namoyon bo‘lan Dxarmendrani Nutan bilan dueti oldingi planga olib chiqdi. Dxarmendra-Mina Kumari juftligi esa keyin ommabop filmlarga yo‘l ochdi.

Minaning o‘zi Dxarmendra bilan qiziqib qolgan edi. Mazkur juftlik ijrosidagi “Gul va tosh” (1966) oltin xitga aylandi. Yollanma jinoyatchi rolini o‘ynagan Dxarmendra mardonavorlik, mehr-muhabbatni omuxtalashtirib yubordi va ko‘plab muxlislar orttirdi.

Ayni shu damda Rishikesh Mukxerji Dxaramning hissiy ta'sirchanligidan foydalanishga urinib ko‘rdi. Dxarmendra uning “Anupama” (1966) filmida kambag‘al, biroq o‘zini hurmat qiladigan vazmin yozuvchi rolini ijro etdi.
Muvaffaqiyat — oddiylikda

Dxarmendrani haqiqiy yulduz qilgan film “Phool Aur Patther” hisoblanadi. Uning ishtirokidagi ilk kartinalar juda romantik tavsifga ega edi. Dxarmendra yoqimtoy, maftunkor yigitlarni o‘ynardi. “Satyakam” filmi yosh aktyorni yangicha ampluada — Hindiston ozodligi uchun kurashchi sifatida namoyon etdi. Otasi uning qahramoniga zulm o‘tkazayotgan sahnada indamay turishi Dxarmendrani mashhur qilib yubordi.

Muvaffaqiyatining cho‘qqisida Dxarmendra jiddiy film prodyuseri bo‘lishga qaror qildi. U Rishikesh Mukxerji suratga olgan “Satyakam”da haqiqat uchun yashab jon bergan to‘g‘riso‘z qahramonni yaratdi. Garchand Sharmila Tagor qo‘llab-quvvatlab, Dxarmendra tomonidan eng yaxshi ijro etilgan rol bo‘lishiga qaramay, film tijoriy jihatdan muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Aynan ana shu muvaffaqiyatsizlik va yangi fenomen — Rajyesh Kxannaning paydo bo‘lgani bois Dxarmendra boshqacha uslubdagi filmlarga sho‘ng‘idi. Uning eng katta yutug‘i Kxanna to‘lqini yuz bergan paytda boshini “suv tubida” ushlab turgani bo‘ldi. Qolaversa, ayni shu damda Dxaram uchun sehrli eliksir — Xema Malini topilgan edi. Dxarmendra-Mina Kumari romantik juftligi esa birmuncha oldin — “Chandan Ka Palna” va “Baharon Ki Manzil” filmlari tufayli so‘nib bo‘lgan edi. Asha Parekx va Sharmila Tagor ham Dxarmendra bilan ajoyib juftlik yaratishsa-da, Xema Malini ishtirokidagi duet eng kerakli “porox” hisoblanadi.

O‘sha paytda Dxaram-Xema juftligi yettita omadli filmni qamrab oldi: “Olijanoblik”, “Ko‘rkam va o‘jar”, “Yangi zamonlar”, “Sevimli Raj”, “Zita va Gita”, “Tillaqo‘ng‘iz” va “Do‘stlar”. Ularning ekran ortidagi muhabbati bilan bog‘liq ovozalar esa bu to‘lqinni alangalatib yubordi. Xususan, 1972 yili Dxarmendra bosh rollardan birini ijro etgan “Zita va Gita” mashhur bo‘ldi. Keyingi filmlar esa yangi ufqlarga yo‘l ochdi.

1970 yillarda Dxarmendra ishtirokidagi filmlar kinoteatrlarni tomoshabinga liq to‘ldirib yuborgan. Ayniqsa, “Qasos va qonun” xuddi Bachchan kabi Dxarmendrani ham yuksak darajaga ko‘tardi. Mazkur ekshn Dxarmendraning komediya janridagi iste'dodini ham ochib yuborgan edi. Shaddod raqqosa Basanti va sho‘x Viruning quvnoq muhabbati ekranda o‘ziga xos hazil-mutoyibani aks ettirdi. Shu zaylda komediya Dxarmendraning tashrif qog‘ozi bo‘lib qoldi.

Bir nechta filmda birgalikda rollar ijro etgan Dxaram va Xema keyinroq sevishib, turmush qurdilar.

— Muvaffaqiyat kelib-ketaveradi, — deydi Dxarmendra, — biroq hamisha samimiy bo‘lib qolish kerak. Men o‘z ildizimni unutganim yo‘q. Hech kimga oddiylikni yo‘qotishni maslahat bermayman, aks holda kalamushlar poygasining ishtirokchisiga aylanasiz. Faqat insoniylik va sofdillikni asrasangiz, millionlarning mehrini qozonasiz. Men hamisha halol bo‘lganman, odamlar ana shu halolligim va yoqimli fe'l-atvorimni qadrlashadi.

Dxarmendra kinodagi faoliyatining boshida o‘sha zamon aktrisalaridan farqli o‘laroq, sevgi sahnalarida birmuncha uyalgan. Masalan, Mina Kumari bilan “Gul va tosh” filmida rol o‘ynayotib, quloqlarigacha qizarib ketardi.
Unga havas qiladilar, uni yaxshi ko‘radilar

80-yillarning o‘rtalarida Dxarmendra kinoda kamroq suratga tushadigan bo‘ldi, biroq har yili uning ishtirokida bir nechta filmlar chiqib turdi. U boshqa tengdoshlari kabi kinoni tark etmadi, balki romantik qahramonlarning otasi rolini ijro etadigan bo‘ldi. 90-yillarda esa Dxarmendra o‘zini prodyuserlikda ham sinab ko‘rdi.

— Kutganing bo‘lmagach, ko‘ngil qolishi ham ro‘y bermaydi, — deydi u. — Umidsizlik bo‘lmasa, og‘riq his etmaysan. Bu tamoyil mening kinoindustriyaga bas kelishimga yordam berdi.
Ha, qishloqlik soddadil Dxarmendra hamisha barcha odamlarni yaxshi deb ishonardi. Kinoindustriyada shuncha yilni o‘tkazgach, fikri o‘zgardi.

— Men hamisha jo‘shqin odam bo‘lganman, — e'tirof etadi aktyor. — Botinimda nimaiki bo‘lsa, yashira olmayman. Juda ochiqman. Hissiyotlarimni kuchli ravishda namoyon etaman. Qattiq g‘azablanaman. Jahldorlikni bartaraf etmoqchi bo‘ldim, ammo u mening ulkan bo‘lagim ekan. Ammo qahr-g‘azab vayronakorlikdan boshqa hech nima olib kelmaydi. Men jahlim chiqqanida telbalarcha ish tutaman, keyin esa qattiq pushaymon bo‘laman.
Darhaqiqat, shunday. Bir kuni Dxarmendra shunchalik g‘azablandiki, jurnalistni tutib olib, oyog‘ini osmondan qildi. “Men o‘sha ondayoq bu ishimdan pushaymon bo‘ldim va hozirgacha afsus chekaman”.

Dxarmendraning yana bir muammosi — ichkilikka mukkasidan ketgani. U uzoq yillar bu illatdan qutula olmadi.

— Ichkilik menga hamisha ko‘ngilsizliklar olib kelgan. Hayotim mobaynida hamisha zararli ehtiroslardan xalos bo‘lishga intildim, biroq erisha olmadim. Bu odatni bir necha marta tashlashga harakat qildim, ammo har safar shishani oxirigacha ko‘tarardim. Agar siz mening hayotimga ichkilik nuqtai nazaridan nazar solsangiz, og‘ir behushlik holati, savollar va undovlarga duch kelasiz.

Shaxsiy hayotiga kelsak, Dxarmendraning birinchi rafiqasi Prakash Kaur bo‘lib, to‘ylari 1954 yili bo‘lib o‘tgan. Oilada ikki o‘g‘il (Sanni va Bobbi) hamda ikki qiz (Vijyeyeta Ajyeyeta) tug‘ilishdi. Keyin esa Dxaram hamkor aktrisa Xema Malinini sevib qoldi. Ularning to‘yi 1980 yili bo‘lib o‘tdi. Xema Isha va Axanni dunyoga keltirdi.

Xema bilan muhabbat tarixi

Xema Maliniga birinchi bo‘lib ko‘ngil izhori qilgan aktyor Sanjiv Kumar bo‘ladi. Keyinchalik bu safga Girish Karnad, Jitendra va Dxarmendra qo‘shildi. Sanjiv Kumar bo‘ydoqlikda vafot etdi.

Aftidan, Sanjiv Kumar va Dxarmendra Xema Malinini bir vaqtda sevib qolishgan. Dxarmendra aktrisa bilan ilk bor 1969 yili film premerasida uchrashdi. O‘shandayoq bir-birlariga talpinayotganlarini his etdilar. Keyin esa birgalikda suratga tushish uchun to‘rtta filmga sharotnoma imzolashdi. Bu Bollivuddagi eng romantik muhabbat tarixining boshlanishi edi.

“Zita va Gita” filmidagi ishtiroki paytida Xema go‘zalligi va sof qalbi bilan Dxarmendrani yanada o‘ziga maftun etdi. Xema uning yonida o‘zini qanotlari bordek his qilardi. Oradan ikki yil o‘tgach, “Qasos va qonun” suratga olinayotganida ularning hissiyotlaridan barcha voqif bo‘ldi.

Dxarmendra mazkur filmda Gabbarni o‘ynashni xohlagan edi. Direktor Ramesh Sippi ogohlantirib, agar u Gabbar rolida chiqsa, Xema bilan muhabbat sahnalarini Sanjiv Kumar ijro etishi mumkinligi haqida aytdi. Dxarmendra darhol fikrini o‘zgartirib, Viru rolini egalladi.

Shunday kunlarning birida, suratga olishning ayni qizg‘in pallasida Dxarmendra Xemadan so‘radi: “Sen meni sevasanmi?” Aktrisa bu savolni kutmagan, sevishini tan olishga jasorati yetishmas, uydagi mavjud sharoit uning hissiyotlaridan ustun turardi. “Men faqat bo‘lajak erimni yaxshi ko‘rishim kerak, — dedi Xema. “Shu javobmi?” — ranjidi Dxarmendra. “Mening boshqa javobim yo‘q”.

— Otam men uchun topgan juda ko‘plab istiqbolli aktyorlar, munosib kuyovlar bor edi, — deb eslaydi Xema. — Biroq ular meni zarracha hayajonga solmasdi. Nima uchun? Men faqat u (Dxaram) bilan nimanidir his etardim. Nega mantiqan o‘ylamay va jamoatchilik fikrini o‘ylamay, uni tanladim? Bu — taqdir. Shunday bo‘ldi. Men hech kimga zarar yetkazishni istamasdim. Qolaversa, bu faqat men bilan yuz bermadi. U ham shuni his etar, meni qo‘llab-quvvatlar, to‘la-to‘kis mening tomonimda edi.

1978 yili Xemaning otasi infarkt tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Bu esa sevishganlarga keng yo‘l ochib berdi. Otasi hayot bo‘lganida Xema hech qachon uylangan erkakka turmushga chiqishga botinmasdi.
Farzandlar va ish

Dxarmendraning o‘g‘illari Sanni va Bobbi Deollar ham aktyor bo‘lib yetishdilar. Jumladan, Sanni xuddi otasining izidan borib, o‘zbek va hind kinoustalarining navbatdagi “Sevgi afsonasi” filmida suratga tushgan. Isha Deol ham kinoda ildam. U qator filmlarda rollar ijro etmoqda.

Ikki o‘g‘li bilan kinoekranda muvaffaqiyatga erishgan Dxarmendra hali-hanuz tomoshabinlarni o‘z ijrosi bilan hayratga solishda davom etmoqda. U Sanni va Bobbi ishtirokida jiddiy va kulgili filmlarda suratga tushgan.

— Ish men uchun hamisha rag‘bat bo‘lgan. Bolaligimdan filmlar orzum edi, bugun men bu olamning bir qismiman. Men yuzimda grim bilan o‘lishni xohlayman, — deydi u.

Bugun ko‘plab aktyorlar Dxarmendra kabi chiqishga harakat qiladi, u esa asliyat bo‘lib qolaveradi. Ikkinchi Dxarmendra bo‘lishi mumkin emas!

Sohibjamol Xema Malini K.Abbos filmining premerasida ilk bor Dxarmendraga ko‘zi tushib, nigohini uzolmay qolgan. Sayrabonu uning italyancha qiyofasi borligini e'tirof etgan. Govinda va xotini o‘g‘illari xuddi Dxarmendra kabi tashqi ko‘rinish bilan ko‘zlarni quvnatishini xohlaganlar.

Biroq Dxarmendra shunchaki ko‘rkam erkak emas, u hind kinematografiyasidagi mardlik ramzi ham bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoladi.
Anvar Namozov

Top