19:23 / 09.12.2015
12011

Erdo‘g‘anning vakili: Turkiya Bosfordagi voqea takrorlansa, tegishli choralarni ko‘radi

Turkiya o‘z suverentitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rasmiy vakili Ibrohim Kalin Bosfor bo‘g‘ozida Rossiyaga tegishli harbiy kema askari yelkasida mobil zenit raketali kompleks (MANPADS) ushlab turgan holati surati paydo bo‘lganiga nisbatan shunday bayonot bilan chiqish qilgan.

"Bu voqea juda jiddiy qabul qilinmadi. Lekin bunday harakat takrorlanib, Turkiya suverentitetiga xavf soluvchi harakat deya baholansa, biz zarur choralarni ko‘rishimizga to‘g‘ri keladi", degan Kalin.

U Turkiya xalqaro qonunchilik asosida shunday ish qilishga haqli ekanini aytgan.

"Yana bir bor takrorlayman, biz vaziyatni chigallashtirmoqchi emasmiz. Lekin biz o‘zimizga nisbatan hurmatsizlik qilinishiga jim qarab turmaymiz", degan u.

6 dekabr kuni Turkiyadagi bir qator nashrlarda suratga olingan «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi Bosfor bo‘g‘ozidan o‘tayotganda uning palubasida qo‘lida mobil zenit raketali kompleks (MANPADS) ushlab turgan rossiyalik harbiyning surati chop etilgandi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavushog‘lu ushbu voqeani provokatsiya deya baholagandi.

Shundan so‘ng, Turkiya TIV Rossiya elchisini chaqirtirib, ushbu voqea yuzasidan norozilik bildirdi.

Ko‘p o‘tmasdan, Turkiya Rossiya kemalarining Bosfordan o‘tishini qiyinlashtirgani haqida xabar berildi.

O‘z navbatida Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Rossiya harbiy kemalari Bosfor orqali Montryo konvensiyasida qayd etilgan tartibda o‘tgshani haqida bayonot bergan.

Top