20:07 / 09.12.2015
2728

Rolls-Royce egalariga 46 ming dollarlik barmenlik to‘plami taklif etilmoqda

Rolls-Royce serhasham avtomobillarini ishlab chiqaruvchi britan kompaniyasi kokteyllarni aralashtirish uchun dizaynerlik to‘plamini namoyish qildi. Luxurylaunches nashrining xabar berishicha, bu to‘plam ham klassik, ham zamonaviy ichimliklarni tayyorlashda qo‘l keladi.

Savatcha ko‘rinishidagi ushbu barmenlik to‘plami amerika yong‘og‘i va tabiiy teri bilan ishlangan. Shu materiallardan Rolls-Royce avtomobillarini bezashda ishlatiladi. To‘plam kompaniya dizaynerlari va Londondagi Dorchester mehmonxonalari ekspertlari ishtirokida yaratildi. Savatchalar cheklangan miqdorda ishlab chiqarildi va 46 ming dollarlik narxda taklif qilinmoqda. To‘plamga stakanlar, patnis, filtrlar va boshqa zaruriy anjomlar kiritilgan.

Bentley markasi ham o‘zining Bentley Bentayga deb nomlangan birinchi krossoveri ishlab chiqarilishiga pikniklar uchun dizaynerlik to‘plamlari yaratdi. Bu to‘plamlar yukxonadagi maxsus bo‘linmaga joylashtirilib, tortib chiqarilishi mumkin. Ulardan birida brend tasviri o‘yib tushirilgan shampan vinosi uchun bokallar bor. To‘plamda, shuningdek, pikniklar uchun kashemir matosidan ishlangan gilamcha ham mavjud.

Top