18:03 / 09.12.2015
6369

Tojikiston parlamenti Emomali Rahmonni millat peshvosi deb e'lon qildi

Tojikiston parlamentining quyi palatasi (Majlisi namoyandagon) 9 dekabr kuni o‘tgan majlisda “Tinchlik va barqarorlik asoschisi – millat peshvosi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ma'qulladi. Bu haqda mahalliy matbuot xabar bermoqda.

“Emomali Rahmon targ‘ibotga muhtoj emas: u mamlakat milliy manfaatlarining, xalqining himoyachisi ekanligi, Xudo tomonidan yetakchilik va rahbarlik iste'dodiga sazovor etilgani allaqachonlar ma'lum”, - dedi namoyandalar majlisi spikeri Shukurjon Zuhurov.

“Har qanday millat o‘zining ko‘zga ko‘ringan farzandlarining hurmatini ular hayotligida joyiga qo‘yishi lozim”, - qo‘shimcha qildi u.

U AQSh, Hindiston, Pokiston, Turkiya, Indoneziya va Qozog‘istonda shunga o‘xshash takliflar borligini, ayrimlarida esa tegishli qonunlar qabul qilinganini eslatib o‘tdi.

Yangi qonunga muvofiq, endilikda Emomali Rahmon Millat peshvosi (tojikcha Peshvoi millat) faxriy unvoniga ega bo‘ladi. U prezidentlik mansabini tark etganidan so‘ng ham shu unvonni saqlab qolishi hamda davlatning muhim tadbirlarida ishtirok etishi qonunda ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, qonunda Millat peshvosi arxivi, kutubxonasi va muzeyi tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Top