Biznesmen Moskva iqtisodiy forumida otashin nutq so‘zlab, amaldorni yer bilan bitta qildi
Rossiyalik biznesmen, Management Development Group boshqaruvchi sherigi, hukumatga tanqidiy munosabati bilan mashhur Dmitriy Potapenko Moskvada o‘tayotgan iqtisodiy forum chog‘ida mamlakatda olib borilayotgan iqtisodiy siyosatni keskin tanqid ostiga oldi. 8 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilish videolavhalari internetga joylashtirilishi bilan ommalashib ketdi.
Dastlab Potapenko Rossiya iqtisodiyotiga tashqi xatar yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi. Uning fikricha, hukumat o‘z manfaatlari yo‘lida aholida qamal ostidagi qal'a tasavvurini hosil qilishga urinmoqda, vaholanki u uzoq yillar Xitoy, Shveytsariya, Belgiya, Bolgariya va Chexiyada ishlab, Rossiya biznesiga qarshi siyosatni ko‘rmagan.
“Agar TVning birinchi tugmasini o‘chirib, u yerdagi asosiy to‘rt yangilikni olib tashlasa – bizga xoxollar (ya'ni ukrainlar) xalaqit bermoqda, yana kimdir xalaqit bermoqda – yangilik ham qolmaydi”, - ta'kidladi Potapenko.
Shundan so‘ng u biznesga eng katta ziyon keltirayotgan asosiy qaror va qonunlarni sanab o‘tdi hamda tijoratchilar hisobidan yashashga o‘rganib qolgan amaldorlarni tanqid qildi. Yuk mashinalari haydovchilarining norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan “Rotenberg solig‘i”ning naqadar ahmoqona ekanligini aytib o‘tishni ham unutmadi.
“Transport solig‘i bor, yoqilg‘i solig‘i bor, endi uzoq yo‘l yuruvchi yuk mashinalari uchun ham soliq, - qayd qildi u. – Bitta qo‘yning po‘stini uch marta shilishga harakat qilmoqdasizlar”.
Bundan tashqari, biznesmen tinimsiz tekshiruvlar va kompaniyalarning daromadiga changal solish holatlarini eslab o‘tdi. Qonun bo‘yicha, yangi korxonalar uch yil davomida tekshirilmasligi kerak, lekin, shunga qaramay, tekshiruvlar to‘xtamaydi.
Potapenko oxirgi bir yil ichida Rossiya bozoridan turli yo‘nalishdagi 56ta yirik tarmoqlar chiqib ketganini, ko‘plab zavodlar va xususiy kompaniyalar yopilib ketganini aytdi. Barcha kanallardan tadbirkorlarni hibs etish man qilinganiga qaramay, qamalganlar orasida tadbirkorlar soni 3.5 ming nafardan 6 ming nafarga yetdi.
Shuningdek, tadbirkor Rossiyani Xitoyga teng hamkor ko‘rishning xato ekanligini ta'kidlab o‘tdi.
“Jahonning 13-iqtisodiyotini 1-si bilan tenglashtirish kerak emas, - dedi u. – Bu uchinchi sinf bolasi bilan do‘stlashganday gap. Muomala ham shunga yarasha bo‘ladi. Shu bois Xitoy biz uchun o‘ta og‘ir hamkor. Hamkor ekanligi ham so‘roq ostida”.
Potapenkoning chiqishi “Yedinaya Rossiya” deputati Vladimir Gutenevning jahlini chiqarib yubordi. U opponentiga e'tiroz bildirishga urinib ko‘rdi. Bahs dahanaki jangga ko‘chdi. Axiyri Potapenko amaldorning gapini bo‘lib, to‘planganlarning olqishlariga sazovor bo‘ldi.