21:31 / 10.12.2015
3402

Buxoroning Olot tumanida yangi tug‘ruqxona foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyati Olot tumanida 50 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy tug‘ruqxona majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston prezidenti rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayonida tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, ayniqsa, ona-bola salomatligini muhofaza qilishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Qariyb 3 milliard 260 million so‘m mablag‘ sarflangan majmua binosi “Marjona qurilish irrigatsiya-qurilish” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

"Sog‘lom ona va bola konsepsiyasini amalga oshirishda nafaqat ginekolog va akusherlar malakasini oshirish, balki sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi binoda barcha qulayliklar yaratilgan, jumladan, homilador ayollarda uchraydigan kasalliklarni davolash, tug‘ruq, reanimatsiya bo‘limlari va chaqaloqlarni intensiv davolash xonalari zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangan", deydi majmua bo‘lim mudirasi Mamlakat Karimova.

Viloyatning Jondor, Peshku, Qorako‘l tumanlarida ham shunday zamonaviy tug‘ruq majmualari qurilgan va rekonstruksiya qilingan.

Top