Jahon | 14:00 / 10.12.2015
3530
2 daqiqa o‘qiladi

LA Times: ommaviy otishmalardan so‘ng San-Bernardinoda qurol savdosi keskin oshib ketdi

AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Bernardino shahrida 2 dekabrda sodir bo‘lgan ommaviy otishmalardan keyin qurol-yarog‘ savdosi hajmi keskin oshib ketdi. Bu haqda The Los Angeles Times nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 100 ming kishi yashaydigan shaharda oltita qurol-yarog‘ do‘koni faoliyat yuritadi. Aholi soniga ko‘ra bunday do‘konlar miqdori bo‘yicha San-Bernardino qo‘shni Los-Andjyelesdan ikki barobar ortib ketadi.

Do‘kon egalarining aytishicha, ro‘y bergan fojiadan so‘ng biznes gullab-yashnamoqda. Fuqarolar qo‘rqib ketishgan va o‘zini himoya qilishni istamoqda.
Get Loaded qurol-yarog‘ do‘koni xo‘jayini Terri Makkgirning nashrga ma'lum qilishicha, so‘nggi haftada savdolar hajmi 25 foizga oshdi. Xaridorlarning ko‘pchiligi ayollardir.
Shahar sherifining yordamchisi Adam Servantes o‘tgan dam olish kunlari, 5-6 dekabrda qurol sotib olishga ijozat so‘rab 75 kishi murojaat qilgan. Bu odatdagi ko‘rsatkichdan 7 barobar ko‘p demakdir.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 3 dekabriga o‘tar kechasi Kaliforniya shtatining San-Bernardino shahrida (Los-Anjyeles yaqinida) noma'lum shaxslar jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar uchun markaz hududiga bostirib kirib, tartibsiz ravishda o‘t ochishgandi. Bu otishma natijasida 14 kishi halok bo‘lgan va 17 kishi yaralangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish