O‘zbekiston | 10:49 / 11.12.2015
6560
3 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov: O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosat yuritadi

Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yillik bayrami munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tashqi ishlar vaziri A.H.Komilov o‘z nutqida Konstitutsiya qabul qilingan kun O‘zbekiston va o‘zbek xalqi tarixidagi eng muhim sanalardan biri bo‘lib qolganini qayd etdi. Mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari va ustuvorliklari belgilab berilgan Asosiy qonunning qabul qilinganidan e'tiboran O‘zbekiston tom ma'nodagi mustaqil davlat bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ushbu muhim hujjatga tayangan holda boshqa davlatlar bilan o‘z munosabatlarini qurmoqda, o‘zining mustaqil tashqi siyosatini izchil yuritmoqda. TIV markaziy apparati va uning xorijiy mamlakatlardagi muassasalarining faoliyati Konstitutsiyaga hamda prezident Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Kontseptsiyasiga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Vazir tomonidan ta'kidlanganidek, mazkur Kontseptsiya Asosiy qonun me'yorlariga asoslangan holda qabul qilingan.

"Konstitutsiya kuni yilning so‘nggi oyida nishonlanadi, shu bois biz yakunlanayotgan yilni sarhisob qilmog‘imiz hamda kelajakdagi ustuvorliklarni belgilab olmog‘imiz zarur", dedi A.H.Komilov.

U, shuningdek, joriy yil tashqi siyosat mahkamasi uchun samarador bo‘lganini aytdi. Oliy darajadagi qator tashrif va muzokaralar o‘tkazildi. Afsuski, dunyoning turli hududlarida vaziyatning keskinlashishi kuzatilmoqda. Bunday sharoitlarda mustaqil ichki va tashqi siyosatni olib borish, milliy manfaatlarimizni himoya qilish va ilgari surish biz uchun muhim vazifa hisoblanadi, deya o‘z nutqini yakunladi vazir.

Tantanali marosim Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri va Musiqali komediya teatrining yetakchi san'atkorlari ijrosidagi o‘zbek hamda chet el mumtoz operasi va baleti san'ati namunalaridan tashkil topgan madaniy dastur namoyishi bilan yakunlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish