17:27 / 11.12.2015
2781

AQShda ilk bor internetdagi trolling uchun hibsga olish holati qayd etildi

7 dekabr kuni Puerto-Rikoda yashovchi 27 yoshli Omar Falkon Torres odamlarni internet orqali odamlarni haqorat qilish va ta'qib etish bilan shug‘ullanganlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Bu AQSh tarixida ilk bor ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi internetdagi ta'qib uchun hibsga olinishi bo‘ldi. Bu haqda Assoshieyted Press xabar qilgan.

Ayblanuvchi Twitter ijtimoiy tarmog‘ida 2 yil davomida MedeaBot niki orqali boshqa foydalanuvchilarni trolling qilish bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari Torresda shu maqsadda foydalanish uchun 300 ga yaqin boshqa akkauntlar ham bo‘lgan.

Mahalliy adliya idoralarining ma'lum qilishicha, u o‘zining qurbonlariga jinsiy zo‘ravonlik aks etgan tasvirlarni yuborgan, shuningdek, qo‘pol nutqdan foydalangan. O‘nlab odamlar uning qurboniga aylangan, biroq ulardan faqat sakkiz nafari rasmiy shikoyat bilan murojaat qilgan.

Omar Falkon Torresni qo‘lga olish uchun hukumat ikki yildan ortiq vaqt davomida cho‘zilgan operatsiya o‘tkazdi. U ta'qib etish, shaxsiyatning noqonuniy o‘zlashtirilishi va internet foydalanuvchilarini qo‘rqitishda ayblandi.

Bu ish yuzasidan sud jarayoni 21 dekabrda bo‘lib o‘tadi, ungacha Omar Falkon Torres qamoqda saqlanadi.

Torresni garov evaziga ozod qilish uchun 180 ming dollar talab qilinadi.

Top