Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda sil kasalligiga qarshi kurashish tadbirlari yakunlandi
2015 yilning 10 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurash dasturining yutuqlari va vazifalari mavzusiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Bu haqda UzMedInfo markazi axborot xizmati xabar qildi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Anvar Alimov, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen va boshqalar O‘zbekistonda sil kasalliklarining oldini olish va davolashda qo‘lga kiritilgan yutuqlarni alohida qayd etib o‘tdi.
Ushbu anjuman “2014-2015 yillarda JSST va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi ikki yillik hamkorlik bitimi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarlari va mutaxassislari, mahalliy va xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, JSST Yevropa byurosi, USAID, MSF, Project Nore uyushmalari, “Farmatsevtika mahsulotlari va xizmatlar sifatini yaxshilash tizimlari” (SIAPS), Gauting shahar supranatsional referens-laboratoriya (Germaniya) vakillari, shuningdek, respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
XXI asr boshidan sil va nafas olish a'zolarining nospetsifik kasalliklari butun dunyoda o‘zining aktualligi va dolzarbligini saqlab kelmoqda. JSST ma'lumotlariga ko‘ra, agar sil kasalliklari bo‘yicha kuzatilayotgan holat barqarorlashsa, butun dunyoda silning dorilarga nisbatan chidamli turi, OITS va silning birgalikdagi ko‘rinishi kasalliklari oshadi. Kasallikning bu turlari butun dunyo uchun yanada xavfli muammoga aylanadi.
Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasida inson hayotiga xavf solayotgan yuqumli, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga qarshi kurashish zarurligi qayd etilgan va 2015 yilga kelib OITS, malyariya va sil epidemiyasini to‘xtatish va kamaytirish vazifasi qo‘yilgan. Mingyillik rivojlanish deklaratsiyasini imzolagan O‘zbekiston uning maqsadlariga yetishga sodiqligini tasdiqladi va asosiy milliy vazifalaridan biri etib 2015 yilgacha silning tarqalishini to‘xtatish va mazkur kasallik bilan xastalanish holatlarini kamaytirish tendensiyasini boshlashni belgiladi.
Mustaqillikdan keyin O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishida, xususan, ftiziatriya va pulmonologiya xizmatida katta yo‘l bosib o‘tildi. Ftiziatriya xizmati bo‘yicha o‘tkazilayotgan mazkur tadbirning 2015 yilning oxirida o‘tkazilishi ramziy ma'noga ega, chunki joriy yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2011 — 2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi 2011 yil 5 martdagi 62-sonli qarori va Mingyillik rivojlanish Deklaratsiyasi ijrosining oxirgi hal qiluvchi yili hisoblanadi.
“Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 5 martda qabul qilingan Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2011 — 2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligi bilan kasallanishni kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi 2011 yil 5 martdagi 62-sonli qarori, davlat va xalqaro tashkilotlarning hamkorlikdagi mustahkam faoliyati, sil kasalliklari tashxisi va uni davolash bo‘yicha JSSTning tavsiyalarini amalga oshirish va sil kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarning keng miqyosda o‘tkazilishi respublikada sil kasalliklarining asosiy ko‘rsatkichlarining barqarorlashishiga, ya'ni so‘nggi yillarda kasallanish ko‘rsatkichlarining ikki baravarga, sil kasalliklari oqibatida vafot etish holatlarining 3,5 barobarga kamaytirdi.
Anjuman davomida o‘zbekistonlik olimlar va xorijlik mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonda sil kasalliklari bilan kasallanish holati, butun dunyo va O‘zbekistonda sil kasalliklariga qarshi kurashishda USAIDning texnik ko‘magi, Global fondning 2015 yilda “Sil kasalliklari komponenti” loyihasi yakunlari va 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan istiqbol rejalar, O‘zbekiston Respublikasida sil kasalliklariga qarshi dori vositalari boshqaruv tizimining holat tahlili natijalari kabi mavzularda ma'ruzalar qilindi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi davolash-profilaktika muassasalarining kasalliklarning oldini olish yo‘nalishiga, ya'ni sil kasalliklarini erta bosqichda aniqlash, tarqalishidan ogohlantirish va aholining barcha qatlami uchun diagnostika va davolash xizmatlarining ochiqligiga katta e'tibor qaratmoqda.
Anjumanda dasturning samarali yakunlanganini baholash bilan bir qatorda, sil kasalliklarini aniqlash, tashxislash, oldini olish va davolashni tashkil etishni takomillashtirish bo‘yicha keyingi strategiyalar taqdim etiladi.
"Sil kasalligi chegara bilmaydi va bu uni umumjahon miqyosidagi tibbiy muammoga aylantirmoqda. Shu bois sil kasalligiga qarshi kurashni tezkor va qat'iy choralar bilan hal etish zarur. O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishilmoqda.
Bugungi anjuman orqali silga qarshi kurash Hamkorlik loyihasi doirasida bajarilgan ishlarni sarhisob qilib, yangi rejalar tuzishni maqsad qilganmiz", – deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining silga qarshi kurash bo‘yicha dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tibbiyot mutaxassisi Oktay Gyozalov.
"Sil kasalliklariga qarshi kurashish mamlakatimiz tibbiyotining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Hozirda silning oldini olish, kasallikni erta bosqichlarda aniqlash va, albatta, xavfli oqibatlarini kamaytirish mamlakatimiz ftiziatrlari oldidagi asosiy vazifa bo‘lib turibdi. Xorazm viloyati misolida aytadigan bo‘lsam, bugungi kunda dispanserimizda ushbu vazifalarni ko‘ngildagidek uddalash uchun barcha sharoitlar mavjud. Xususan, bemorlarning yuqori sifatli laboratoriya tashxisidan o‘tishlari hamda maxsus yondashuv orqali davolanishlari ta'minlanmoqda. Oldindagi asosiy maqsadimiz esa sil kasalliklari va uning oqibatida yuzaga kelayotgan o‘lim ko‘rsatkichlarini kamaytirish hisoblanadi", — deydi Xorazm viloyati sil kasalliklari dispanseri bosh shifokori Bahodir Ahmedov.
Anjuman o‘z ishini 11 dekabr kuni Wyndham International Hotel mehmonxonasida davom ettiradi.