Jahon | 19:14 / 11.12.2015
5761
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: Rossiya “Ozod Suriya armiyasi”ga ko‘mak bermoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligining kengaytirilgan hay'at yig‘ilishida “Ozod Suriya armiyasi”ning 5 mingdan ko‘proq kishidan iborat qismlari hukumat qo‘shinlari bilan birgalikda IShID jangarilari pozitsiyalariga hujum qilayotganini aytdi.

“Alohida ta'kidlayman, bizning aviaguruh ishi ham hukumat qo‘shinlari, ham “Ozod Suriya armiyasi” sa'y-harakatlarini birlashtirishga ko‘mak bermoqda. Hozirda “Ozod Suriya armiyasi”ning umumiy soni 5 mingdan ko‘proq odamni tashkil qilgan qismlari va muntazam qo‘shinlar Xoms, Xama, Halab va Raqqa viloyatlarida jangarilarga qarshi hujumkor harakatlar olib bormoqda”, deb aytdi Putin.

Putinning ta'kidlashicha, Rossiya “Suriya armiyasini qo‘llab-quvvatlagandek, “Ozod Suriya armiyasi”ni havodan qo‘llab-quvvatlamoqda, ularga qurol-aslaha, o‘q-dori va moddiy vositalar bilan yordam bermoqda”.

Avvalroq Putin harbiylarga iloji boricha qattiqqo‘lroq harakat qilishlarini hamda Rossiya Qurolli kuchlariga Suriyada xavf soluvchi istalgan nishonlarni yo‘q qilishni buyurgani ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish