19:34 / 12.12.2015
4881

Kobuldagi terakt tufayli Ispaniya elchixonasining 7 nafar xodimi nobud bo‘lgan

11 dekabr kuni Afg‘oniston poytaxti Kobul shahridagi Ispaniya elchixonasi yaqinida avtomobilga o‘rnatilgan portlovchi qurilma harakatga keltirilishi orqali amalga oshirilgan terakt tufayli elchixonaning 7 nafar xodimi halok bo‘lgan. Bu haqda Assoshieyted Press xabar tarqatgan.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi vakili Siddiq Siddiqiyning ma'lum qilishicha, elchixona hududida afg‘onistonlik 4 nafar politsiyachi hamda 2 nafar ispaniyalik halok bo‘lgan.

Biroz o‘tib, Ispaniya TIV yana bir politsiyachi otishma vaqtida olingan jarohatlar tufayli olamdan o‘tganini bildirdi.

Siddiqiyning qo‘shimcha qilishicha, teraktdan keyin yuzaga kelgan otishma chog‘ida tinch aholining 7 nafar vakili, politsiyachilardan 2 nafari jarohatlangan.

Uning aytishicha, Afg‘oniston harbiylari terrorchilar hujumi vaqtida 12 nafar xorijlikni qutqarib qolishgan.

11 dekabr kuni kechga yaqin Kobuldagi Shirpur tumanida avtomobil portladi.

Bu terakt uchun javobgarlikni “Tolibon” jangarilari o‘z zimmasiga oldi.

Bugun kunning birinchi yarmida Afg‘oniston politsiyasi mamlakat poytaxtidagi jangarilar yo‘q qilingani haqida hisobot berdi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida AQShning Afg‘onistondagi elchixonasi Kobulda terakt amalga oshirilishi ehtimolidan ogohlantirgandi.

Top