10:19 / 12.12.2015
14535

OAV: IShID Afg‘oniston shimolida yangi baza tashkil etmoqda

IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmalari mamlakat shimolidagi Bog‘lon viloyatida yangi baza tashkil etmoqda. Bu haqda “Pajvok” agentligi ma'lumotiga asoslanib TASS xabar qilgan.

Manbaning bildirishicha, Bog‘londagi Barak okrugiga har kuni o‘nlab janggarilar oilalari bilan kelib joylashishmoqda. Bu oilalar avval “Tolibon” tashkiloti tasarrufida bo‘lgan, endilikda IShID tomonidan egallab olingan hududlarga joylashishmoqda.

Ayni paytga kelib, shunday tumanlardan biri Tangida jangarilarning 70dan ortiq oilalari yashayotgani aytilgan.

"Pajvok" xabarida aytilishicha, viloyat hududida qora bayroq o‘rnatilgan yo‘ltanlamas mashinalarning erkin harakatlanib yurganini ko‘rish mumkin. Ularga “Tolibon” tashkilotining sobiq ittifoqchisi bo‘lgan “Jundalla” guruhi vakillari kelib qo‘shilgan. Shuningdek, mahalliy aholini ommaviy ravishda IShID tarkibiga jalb etish ishlari olib borilmoqda.

Afg‘oniston huquq tartibot organlari ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda IShID Afg‘oniston hududida o‘z faolligini oshirgan. Yanvar oyida IShID jangarilari “Xuroson amirligi” nomli mintaqaviy bo‘linmani tashkil etgani va unga Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston hamda Bangladesh kirishini, rahbar etib Xafiz Sayid Xon (pokistonlik toliblarning “Tehrik-va-tolibon Pokiston” harakati sobiq dala qo‘mondonlaridan biri) tayinlangani haqida xabar tarqatgan.

Top