Jamiyat | 18:38 / 12.12.2015
10349
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiyalik shahzoda Trampni AQSh uchun isnod deb atadi

Saudiya Arabistoni shahzodalaridan biri, milliarder Alvalid Talal AQSh prezidentligi uchun nomzodlardan biri, respublikachi Donald Trampni Respublikachilar partiyasi va AQSh yuzidagi dog‘ deb atadi. Bunga siyosatchining musulmonlarni AQShga kiritmaslik haqidagi chaqirig‘i sabab bo‘lgan. Bu haqda The Times of India nashrida yozilgan.

"Siz nafaqat Respublikachilar partiyasini, balki butun Amerikani sharmanda qildingiz. Prezidentlik poygasini tark etishingiz kerak, chunki bu gaplaringizdan keyin siz bari bir saylovda g‘alaba qozona olmaysiz", deb yozadi shahzoda o‘z tvitteri orqali Trampga qarata.

Ko‘p o‘tmasdan Tramp bunga o‘z uslubida javob qaytrgan.

"Saudiyalik ahmoq shahzoda Alvalid amerikalik siyosatchilarni o‘z pullari orqali nazorat qilishni istab qolibdi. U meni tanlab xato qilibdi, u hech qachon istagiga erisha olmaydi", deya yozgan Tramp.

Bundan oldinroq, The Washington Post gazetasida musulmonlarga qarshi chiqishidan keyin Donald Trampning saylovchilar orasida nufuzi oshgani haqida xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, hafta avvalida Tramp AQShga musulmonlarni kiritmaslikni taklif qilgandi.

Keyin uni sobiq bokschi Muhammad Ali va Feysbuk asoschisi Mark Tsukerberg musulmonlarga qarshi malomatlari uchun tanqid qilib chiqdi.

Amazon rahbari Jyeff Bezos esa Trampni fazoga jo‘natib yuborishni taklif qilgan.

Shuningdek, Trampning Britaniyaga kiritilishini taqiqlash iltimosnomasi rekord o‘rnatdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish