Jamiyat | 11:21 / 13.12.2015
15591
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen Inning «Moranbong» guruhi motam tufayli gastrolni to‘xtatib, KXDRga qaytdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning «Moranbong» pop-guruhi qizlari 12 dekabr kuni Xitoydagi gastrolni muddatidan oldin to‘xtatib, vatanga qaytdi. Janubiy koreyalik siyosatchi Chon Son Channing Mediapen nashriga ma'lum qilishicha, bunga Shimoliy Koreyada sobiq davlat rahbari Kim Chen Ir vafot etgan kunning motam sifatida nishonlanishi sabab bo‘lgan.

"Ishonchli manbaga ko‘ra, Shimoliy Koreyada 12 dekabr kuni Kim Chen Irning vafot etganiga 4 yil to‘lishi munosabati bilan 5 kunlik motam e'lon qilindi. Bu kunlar davomida qo‘shiq kuylash, eshitish va raqsga tushish taqiqlanadi", deydi u.

KXDRning Xitoydagi elchisi ushbu holat yuzasidan uzr so‘ragan.

9 dekabr kuni Kim Chen In «Moranbong» qizlarini Xitoyga 1 haftalik gastrol uchun jo‘natgani haqida xabar berilgandi.

Pxenyan shu tariqa BMT Xavfsizlik kengashi KXDRda inson huquqlari buzilishini muhokama etadigan majlisi arafasida o‘zining asosiy ittifoqdoshi bilan munosabatlarni yaxshilash niyatidaligi aytilgandi. Inson huquqlari faollari BMT Kim Chen Inni xalqaro sudga berishiga umid qilmoqda, Xavfsizlik kengashida veto qo‘yish huquqiga ega Xitoy esa Shimoliy Koreya yetakchisini bunday qismat kutmasligining yagona kafolati bo‘lishiga umid qilingan.

Ma'lumot uchun, 2012 yilda shaxsan Kim Chen Inning ko‘rsatmasi bilan tashkil etilgan «Moranbong» guruhida 21 nafar qiz bor. Janubiy Koreyadagi ko‘psonli jamoalardan farqli ravishda, guruh ishtirokchilari sozlarni o‘zlari chalishadi.

Bundan tashqari, qizlar harbiy unvonlarga ega va muxlislar oldida ham asosan harbiy liboslarda chiqadi. Shu tufali mazkur guruhni pop-jamoa emas, harbiy orkestr deb ham atashadi.

Suratlar manbasi: Kyodo/Reuters