O‘zbekiston | 23:41 / 13.12.2015
4718
2 daqiqa o‘qiladi

ToshIESdagi yangi bug‘-gaz qurilmasi 2016 yil boshida ishga tushiriladi

Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi yangi bug‘-gaz qurilmasi 2016 yil boshida ishga tushiriladi, deb ma'lum qildi Sputnik nashri muxbiriga “O‘zbekenergo” AJdagi manba.

370 megavattli qurilma dastlab joriy yilning 4-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qurilma loyihaviy quvvatga erishgandan keyin yonilg‘ining ancha tejalashiga erishiladi. Bugungi kunda ToshIESda bir kilovatt elektr energiya ishlab chiqarish uchun 380 gramm shartli yonilg‘i sarflanayotgan bo‘lsa, yangi qurilma ishga tushirilgandan keyin bu ko‘rsatkich 240 grammni tashkil qiladi. Qurilma yuqori, ya'ni 60 foizga yaqin foydali ish koeffitsiyentiga ega bo‘ladi.

Loyihani ishlab chiqish, kerakli jihozlarni sotib olish va bug‘-gaz qurilmasi qurish bo‘yicha shartnoma Slovakiyaning Synecta va Istroenergo Group, Chexiyaning CKD Export va Kanadaning SNC Lavalin kompaniyalaridan tashkil topgan konsorsium bilan 2008 yilda tuzilgan. Zaruriy jihozlar – turbina, utilizator qozonxona, generator va boshqa jihozlar AQShning General Electric kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi.

Loyihaning umumiy qiymati 511 mln dollardan ko‘proqni tashkil qildi. Undan katta qismi Xitoy davlat taraqqiyot banki (220 mln dollar), O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot banki (76,2 mln dollar) va “O‘zsanoatqurilishbank” (27 mln dollar) bergan kreditlar hisobiga qoplandi.

Toshkent IESning quvvati 1860 MVtni tashkil qiladi. Stantsiyaning birinchi energobloki 1963 yilda, oxirgi – o‘n ikkinchisi esa 1971 yilda ishga tushirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish