Sport | 10:38 / 13.12.2015
2536
2 daqiqa o‘qiladi

Van Gaal "Bornmut"dan mag‘lub bo‘lgan shogirdlarini maqtadi

"Manchester Yunayted" jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal o‘z shogirdlarining "Bornmut"dan mag‘lub bo‘lishidan jahli chiqmagan va ularning o‘yinidan qoniqish hosil qilgan. Uning fikricha, "MYu" mag‘lubiyatga loyiq o‘yin ko‘rsatmagandi.

"Birinchi taymda biz o‘z o‘yinimizni ko‘rsata oldik va golli vaziyatlar yaratdik. Menimcha, tanaffus bo‘lib qolishi bizni g‘alabadan ayro qildi. Ikkinchi taymda raqib tasodif orqasidan ikkinchi golni urib qo‘ydi va hisobni tenglashtirish mashaqqatli ishga aylandi. Chunki, "Bornmut" natijani saqlab qolish uchun himoyaga yotib olib, o‘z maqsadiga erishdi. Biz oxirigacha o‘yinni saqlab qolishga tirishdik, vaziyatlarga ega bo‘ldik, lekin omadimiz kelmadi. Turnir jadvalining quyi qismidagi jamoadan mag‘lub bo‘lish juda og‘riqli bo‘lsada, futbolchilarimning xarakter ko‘rsata olishganini qayd etishim kerak. Ularning o‘yini menga yoqdi", deydi gollandiyalik mutaxassis.

Holbuki, biroz oldinroq, "MYu" futbolchilari oxirgi 3 o‘yinning ikkinchi taymlarida darvozalarga bittadan ortiq zarba bera olishmagani ma'lum qilingandi.

Qolaversa, "MYu" "Bornmut"ga 1:2 hisobida yutqazish orqali g‘alabasiz seriyasini 5ta o‘yinga yetkazdi.

Jamoa oxirgi g‘alabasini 21 noyabr kuni, "Uotford"ga qarshi o‘yinda (2:1) qayd etgandi. Shundan so‘ng "PSV" (0:0), "Lester" (1:1), "Vest Hem" (0:0), "Volfsburg" (2:3) jamoalari bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotilgandi.

Ayni vaqtda jamoa, 16 tur o‘yinlari yakunlanmagan bir paytda turnir jadvalida 29 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Tur yakunida "Tottehem" jamoasida "MYu"ni quvib o‘tish imkoniyati mavjud.

"Manchester Yunayted" futbolchilari o‘tkazilgan 16ta o‘yinda 21ta gol urib, 12ta o‘tkazib yuborishgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish