15:49 / 14.12.2015
11564

O‘zbekcharmpoyabzali: xorijiy brend mahsulotning 2-3 barobar qimmatlashishiga olib keladi

Xorijiy brendlar ostida sotilayotgan poyabzallar mahalliy mahsulotlarga nisbatan 2-3 barobar qimmatroq sotiladi. Bu haqda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sharifjon Sheraliyev ma'lumot berdi.

“Oila davrasida” muxbirining nega odamlar chet elda ishlab chiqarilgan oyoq kiyimlariga, ular qimmat bo‘lsa ham, sotib olishi haqidagi savoliga javoban u shunday dedi:

“Bu yerda hamma gap xorijiy brendga borib taqaladi. U mahsulotning 2-3 barobar qimmatlashishiga olib keladi. Ushbu masalada tengma-teng raqobat qilish maqsadida Italiyaning bir mashhur kompaniyasi brendi bilan ishlamoqchi bo‘ldik.

Ammo ular buning uchun juda yuqori shartlarni qo‘yishdi. Shu bois loyiha uyushmaga to‘g‘ri kelmadi. Biz avvalo, xalqning istagi, talabi asosida ish yuritishimiz lozim. Narx-navoni mo‘'tadil ushlab turishimiz kerak”.

Sheraliyevning ma'lumot berishicha, O‘zbekistonda har yili jami 12 million juft poyabzal tayyorlanadi. Uning qariyb 7,5 millioni uyushma hissasiga to‘g‘ri keladi.
“Asosan erkaklar oyoq kiyimi ko‘p chiqarilmoqda.

xozir uyushma va uning tarkibidagi korxonalar erkaklar oyoq kiyimiga bo‘lgan talabni 70-80 foizga qanoatlantirmoqda. Ular chet elnikidan 30-40 foiz arzon”, - qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Shu bilan birga, ayni paytda ayollar va bolalar uchun oyoq kiyim chiqaruvchi korxonalar kamligi e'tirof etildi.

“Ayollar va bolalar poyabzali ishlab chiqaradigan korxonalarimiz yo‘q emas. Ammo bir yilda atigi yuz ming juft ayollar poyabzali tayyorlanadi, - tan oldi Sheraliyev. – Ayni paytda bu poyabzallar aholi ehtiyojining 13 foizini ta'minlamoqda.

U ham bo‘lsa yengil oyoq kiyimlari hisobiga. Hozir yozgi yoki oldi yopiq shakldagi boshmoqlar chetdan kelmaydi. Hammasini o‘zimiz ishlab chiqaramiz. Xushbichim, modaga monand tufli, etiklar ishlab chiqarishda ayrim muammolar mavjud. Avvalo, ularni tayyorlash murakkab jarayon.

Yana bir tomoni, ayollarning xohishi, modasi tez-tez o‘zgarib turadi. Bu, o‘z navbatida, yangi modelerlar, dizaynerlar, kadrlar masalasini o‘rtaga qo‘yadi.

Buni hal etish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida o‘tgan yildan boshlab qo‘shimcha sohalar ochildi. Hozir bu yerda texnologlar, dizaynerlar, konstruktorlar va teri bo‘yicha mutaxassisliklar bor.

Tez orada terini qayta ishlash bo‘yicha ham soha ochiladi. Qolaversa, uyushma tarkibidagi korxonalar manzilli dastur asosida to‘liq modernizatsiya qilinganidan keyin bu boradagi samaradorlik yanada oshadi. Yaqin 2-3 yil ichida ayollar o‘zimizda chiqarilgan istagan poyabzalni tanlash va xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi”.

Top