Jamiyat | 13:19 / 14.12.2015
9308
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ommaviy tadbirlar chog‘idagi xavfsizlik choralarini kuchaytiradi

O‘zbekiston hukumati 2015 yilning 8 avgust kuni Urganch shahridagi “Yoshlar ko‘li” madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan fojianing takrorlanmasligi uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi. O‘shanda bog‘da tashkil etilgan konsert chog‘ida ko‘prik ustida odamlarning to‘planishi oqibatida u qulagan, oqibatda ko‘plab odamlar jarohat olgan va hayotdan ko‘z yumgan edi.

Hukumatning “Tomosha va konsert faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan xalq sayllari, konsertlar va madaniy tadbirlar chog‘ida qo‘yiladigan xavfsizlik talablarining so‘zsiz bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Hukumat IIV, FVV, Madaniyat vazirligi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimiyatlariga ommaviy tadbirlar o‘tkazilish joylari va obektlarining muntazam inventarizatsiyasi va texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta'minlashni topshirdi.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga litsenziya va ruxsatnoma talablariga qat'iy rioya qilinshini nazorat ostiga olish, tashkilotchilar tomonidan ko‘zda tutilgan talablarning bajarilishini muntazam ravishda nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

MTRK va EOAVMAga tele va radiokanallarning badiiy kengashlari ishini tanqidiy ko‘z bilan qayta ko‘rib chiqish hamda tegishli materiallarning yuqori badiiy saviyasini ta'minlab berish topshirildi. Shuningdek, “milliy qadriyat, urf-odat va an'analarga mos kelmaydigan, o‘sib borayotgan avlodning ma'naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan” qo‘shiq va videokliplarni efirga chiqarmaslik borasida chora-tadbirlar ko‘rish lozimligi belgilandi.

MTRK, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo”, Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston bastakorlar ittifoqiga milliy musiqani rivojlantirish yuqori saviyali asarlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash topshirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish