Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda yashayotgan turklar Rossiya va Turkiya o‘rtasida yadroviy urush kelib chiqishidan qo‘rqmoqda
Qozog‘iston Rossiya-Turkiya ixtilofida neytral pozitsiyadan turib gapirishga urinayotganiga qaramay, xalq orasida muhokamalar to‘xtamayapti, deb yozadi mahalliy matbuot. Qozog‘istonda istiqomat qilayotgan turkiyaliklar bu boradagi munosabatlarini bildirib o‘tishdi.
“Albatta, to‘g‘risini aytish kerak. Turkiyani haq deb hisoblayman, chunki xalqaro qoidalar bor. Barcha ularga amal qilishi shart. Agar Turkiya havo kuchlari bunday qilmasa, istagan odam davlatimiz havo hududida uchib yurardi”, - deydi Olmaota kafelaridan birini qandolatchisi Salomi Jo‘shqin.
“Bunday holatlar bo‘lgan, lekin ular hech qachon ixtilofga olib kelmagan. O‘ylaymanki, barchasi muzokaralarda hal bo‘ladi, shunchaki vaqt kerak. Agar vaziyat ijobiy hal bo‘lmasa, Rossiya yutib chiqmaydi. Men Turkiyani qo‘llab-quvvatlayman”, - qo‘shimcha qildi u.
“Do‘stlarim siyosatchilar har doim mantiqqa tayanadi deb o‘ylar edi. Putin Turkiya va turklarni yaxshi ko‘rardi, endichi? Hammasi bir lahzada o‘zgardi. U bizning orzularimiz, dunyomizni vayron etdi”, - uning fikrlarini takrorlaydi “Rasmtor” supermarketlaridagi novvoyxonalar egasi Halim Gunash.
“Biz madaniyatli insonlarmiz, biz to‘qnashayotgan rahbarlarni deb zarar ko‘rishni istamaymiz. Bizning rossiyalik kelin va kuyovlarimiz bor, bu birlikning mevalari esa bizning bolalarimizdir. Qayta qurishdan so‘ng yaqinlashdik, bizning umumiy investitsiyalarimiz, iqtisodiy va tijoriy bog‘larimiz bor”, - so‘zida davom etdi u.
“Bugun bo‘layotgan ishlar xalqaro qoidalarga, turkiyalik turistlarga bolalarcha yondashishdir. Oddiy odamlar ham bor, ular ham o‘zlarini juda xunuk na madaniyatsizlarcha tutmoqda. Putin, o‘z navbatida, o‘zining buyukligini, o‘ziga munosib uslubni ko‘rsatmoqda. Dunyo esa undan shuni kutmoqda. Lekin u o‘zini bachchakona ham tutmoqda. O‘z xalqiga nisbatan ham. Sen o‘yinchog‘imni sindirding, endi men seni xafa qilaman, mana uning fe'l-atvor modeli”, - xulosa qildi tadbirkor.
“Reallik shundan iboratki, Rossiya prezidenti Suriyada hukm surish uchun faqat harbiy kuchdan foydalanmoqda. Bu unga mamlakatning neft va boshqa resurslaridan foyda ko‘rish uchun kerak. Rossiya Suriyada katta harbiy bazaga ega, hatto Turkiya janubida bir nechta kemasi bor. O‘ylaymanki, biz harbiy samolyotni urib tushirishga haqlimiz, chunki ularni bir necha bora ingliz va rus tillarida ogohlantirganmiz. Radarlar hududimizdagi samolyotni qayd qilishdi. Biz xalqaro huquq bo‘yicha haqmiz. Odamlar bu yerda Rossiya yadroviy qurol qo‘llashidan biroz hadiksiramoqda. O‘ylaymanki, Rossiya Turkiyaning keyingi xatosidan so‘ng hujum qiladi. Lekin bu xato bo‘lmadi. Shuningdek, odamlar Rossiya Turkiyaga tabiiy gaz yetkazishdan to‘xtashidan qo‘rqmoqda, Rossiya esa Turkiyaga gazning 55 foizini yetkazib beradi”, - dedi Olmaotadagi logistika kompaniyasi xodimi Jyem Go‘kner.
Moskvalik qizga uylangan Arin ismli yigit esa boshqacharoq fikr bildirdi.
“Men Turkiyani aybdor deb bilaman, - ta'kidladi u. – Putinga munosabatim yaxshi, u haq, rostini gapiradi deb o‘ylayman. Turkiya samolyotni urib tushirishi kerakmidi axir? Biz dushmanlar emasmiz. Biz har doim do‘st bo‘lganmiz, eksport, turizm yo‘lga qo‘yilgan. Bu yerda rus qizlar yashaydi, ular bizning erkaklarga turmushga chiqqan, ko‘plarining bolalari bor. O‘ylaymanki, hammasi iziga tushadi va biz hech qachon dushman bo‘lmaymiz”.
“Agar Turkiya matbuotining bir hafta oldingi qaynoq mavzusi “Barchasi iziga tushadi, xavotir olmang!” bo‘lsa, endi ular “Tupuramiz sanksiyalaringizga, bizni qo‘rqita olmaysiz!” demoqda. Ular, albatta, haqdirlar. Turkiya iqtisodiyoti postsovet makonidagi barcha davlatlarning iqtisodiyotiga nisbatan ancha mustahkam, shuningdek, turk armiyasi NATOdagi eng kuchlilardan biridir”, - dedi Turkiyada yashayotgan qozog‘istonlik Bo‘tako‘z Qo‘pboyeva. Uning ta'kidlashicha, ushbu masalada hatto hukmron kuchlar va muxolifatning fikri bir joydan chiqqan.
Eldor Asanov tayyorladi