20:58 / 14.12.2015
2230

Rossiya Bishkekda narkopolitsiyaning o‘quv markazini yaratishi mumkin

Rossiya Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda Markaziy Osiyo davlatlari narkopolitsiyachilarini o‘qitish markazini yaratishi mumkin. Bu haqda Rossiya narkotiklarni nazorat qilish federal xizmati boshlig‘i Viktor Ivanov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

“Qirg‘iziston narkotiklarni nazorat qilish davlat xizmati bilan uning negizida Markaziy Osiyo davlatlari aksilnarkotik boshqarmalari xodimlarini o‘qitish markazini yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu markaz funksiyalarini mintaqadagi boshqa davlatlar, Afg‘oniston, Pokiston va Eron aksilnarkotik boshqarmalari xodimlariga tatbiq qilish salohiyati mavjud”, deb aytdi Ivanov Rossiya hukumati komissiyasi yig‘ilishida.

Ivanovning aytishicha, loyihani Rossiya tomonidan Qirg‘iziston narkotiklarni nazorat qilish davlat xizmatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak dasturining uchinchi bosqichida moliyalashtirish rejalashtirilmoqda. Markaz o‘qituvchilari va instruktorlari sifatida Rossiya narkotiklarni nazorat qilish federal xizmati xodimlaridan foydalanish va o‘qitishni Rossiya metodikalari bo‘yicha olib borish mo‘ljallanmoqda.

Top