Jahon | 08:35 / 14.12.2015
6260
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV Turkiyaning Iroqdagi harakatlarini qoraladi

Rossiya tomoni Turkiyaning Iroq shimoliga qo‘shin kiritishini noqonuniy deb hisoblaydi.

"RIA Novosti" xabariga ko‘ra, Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Gennadiy Gatilov buni "boshqa mamlakat hududiga bostirib kirish belgisi" deya baholagan.

"Biz Iroq shimoliga Turkiya harbiylarining kirishini noqonuniy tarzda amalga oshirilgan deb bilamiz. Bu qo‘shni davlat hududiga bostirib kirish hisoblanadi. Buni oqlash uchun o‘quv mashg‘uloti yoki boshqa bahona ko‘rsatish mantiqdan emas. Biz bu vaziyatdan xavotirdamiz", degan Gatilov.

Uning qayd etishicha, Anqaraning bu harakati mintaqadagi og‘ir vaziyatni yanada og‘irlashtirdi.

Bundan oldinroq, Iroq BMT Xavfsizlik kengashidan Turkiyani Iroq hududini tark etishga majburlashini so‘ragandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish