08:52 / 14.12.2015
6436

Turkiya baliqchi kemasi xo‘jayini Rossiya kemasi tomonidan o‘q uzilgani haqidagi xabarni tasdiqlamadi

Egey dengizi hududida Rossiya soqchi kemasi tomonidan turkiyalik baliqchilar kemasiga qarata o‘t ochilgani haqidagi xabar kema xo‘jayini tomonidan rad qilindi. Bu haqda CNN Turk nashri xabar berdi.

"Biz rossiyaliklar kemasidan 2 kilometr uzoqlikda suzdik. "Smetlivyy" o‘rnidan qo‘zg‘algani ham yo‘q va bizni hech kim o‘qqa tutmadi ham. Agar kimdir o‘q uzganida biz o‘q ovozini eshitgan bo‘lardik", deydi kema egasi.

Bundan oldinroq, Turkiya Egeydagi voqea yuzasidan baliqchilarni so‘roq qilishi haqida ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 dekabr kuni Rossiyaning Egey dengizidagi xalqaro suvlarda turgan "Smetlivyy" kemasiga Turkiyaning baliqchi kemasi xavfli darajada yaqinlashgani tufayli o‘t ochilgani haqida ma'lum qilingandi.

Shundan so‘ng, Rossiya Mudofaa vazirligi Turkiya harbiy attashesini Egey dengizidagi tushunmovchilik yuzasidan chaqirtirdi.

Rossiya Turkiya attashesini Egey dengizidagi voqea salbiy oqibatlarga olib kelishidan qattiq ogohlantirgan.

Top