Sport | 22:32 / 14.12.2015
2497
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda KXL ishtirokchisi bo‘ladigan xokkey jamoasi tuziladi

Xitoyning Pekin shahrida Kontinental xokkey ligasida (Xokkey bo‘yicha Rossiya chempionati) ishtirok etuvchi jamoa tashkil qilinadi va u 2016 yilning sentabridan boshlab turnirda ishtirokini boshlaydi. Bu haqda liga vakili, direktorlar kengashi a'zosi Roman Rotenbergga asoslangan holda TASS nashri xabar tarqatdi.

14 dekabr kuni Rossiya va Xitoy davlatlarining sport sohasidagi aloqalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Dekabr oyi boshida KXL vitse-prezidenti Georgiy Kobylyanskiy shu loyiha haqida gapirib, yangi jamoa bazasi qaysi shaharda bo‘lishi (Pekin va Shanxaydan birida) hali hal qilinmaganini bildirib o‘tgandi.

"Bugungi kunda Pekinda KXLda ishtirok etuvchi jamoa tuzilishi va bu jamoa uchun 18 ming tomoshabinga mo‘ljallangan arena tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ishchi guruh o‘z oldiga bu yangi jamoa 2016 yilning sentabridan boshlab o‘yinlarga qo‘shilishini ta'minlash maqsadini qo‘ygan. Bu jamoaga kim rahbarlik qilinishi aniq emas va bu borada muhokama jarayoni ketmoqda. Aytishim mumkinki, biz Xitoyda bu soha bo‘yicha kadrlar yetishmasligi muammosi mavjudligi uchun rossiyalik mutaxassislarni Pekinga jo‘natamiz. Ular xitoylik bolalarga xokkey o‘ynashni o‘rgatishadi", deydi Rotenberg.

Uning qayd etishicha, Xitoy basketbol va figurali uchish sportlarini ham rivojlantirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqqan. Ayni vaqtda hukumat xokkey sportini rivojlantirishga e'tibor qaratgan. Xitoy va Rossiya sport vazirlari, FXR hamda KXL o‘zaro hamkorlik masalasida muloqot olib borishmoqda. Milliy ligada o‘ynovchi yana bir jamoa tayyorlanishi mumkin. Shuningdek, MXLda ishtirok etishi uchun yoshlar jamoasi ham tuzilishi rejada bor. Hozircha turli variantlar ko‘rib chiqilmoqda va bularning barchasi hozircha qog‘ozdagi loyihalar. Loyihalardan yana biri esa xokkey akademiyasini barpo etish", deydi u.

Rotenbergning aytishicha, Xitoyning KXLda ishtirok etadigan jamoasi mahalliy va Rossiyadagi tadbirkorlar tomonidan moliyalashtirilishiga kelishilgan.

Ma'lumot uchun, Kontinental xokkey ligasida Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Latviya, Slovakiya, Xorvatiya va Finlyandiya vakillari bo‘lgan jamoalar bosh sovrin hisoblanmish Gagarin kubogi uchun yil davomida musobaqalashishadi. Liga tashkil etilgan 2008 yilda 24 jamoa ishtirok etishni boshlagandi. 2015-16 yillar mavsumida esa ishtirokchilar soni 28ta bo‘ldi (26 shahardan, shundan 22tasi Rossiya jamoalari). Kelgusida ishtirokchilar soni 32tagacha oshirilishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish