14:56 / 15.12.2015
7074

Chicharito "MYu"dan kim tufayli ketishga majbur bo‘lgani haqida aytib berdi. Uni yig‘latishgan

Hozirda Germaniyaning "Bayyer" jamoasida o‘ynayotgan meksikalik hujumchi Xaver Ernandes (laqabi Chicharito) uning Angliyani tark etishiga "qizil iblislar"ning bosh murabbiyi Lui van Gaalning o‘ta yomon munosabat ko‘rsatgani sabab bo‘lgani haqida aytib berdi.

"Men penaltidan gol ura olmaganimdan keyin (International Champions Cup-2015 turniri doirasidagi o‘yinda) van Gaal Giggzga juda dahshatli nigoh tashladi. O‘shanda men tarkibdan joy olmasligim aniqligini angladim. O‘yindan keyin kiyinish xonasiga Lui van Gaal kirib keldi va "Agar sen penaltidan gol ura olmasang, o‘yindan gol urishingga 2 marta shubha qilaman", deya baqirdi. Bir kunlan keyin u meni ofisga chaqirdi va menga bir qancha jamoalarda taklif mavjudligi, ulardan birini tanlashim shartligi haqida aytdi. Men uyga qaytdim va yig‘lay boshladim. Men Manchesterni sevaman, lekin bu shaharni tark etmaslik uchun hech narsa qila olmadim. Chunki, murabbiyda menga zarracha ham ishonch yo‘q edi. Uning aytishicha, men uning falsafasiga to‘g‘ri kelmas ekanman.

O‘shanda meni APLdagi 3ta jamoa taklif qilgan, lekin men "Manchester Yunayted"ga qarshi o‘ynamaslik uchun "Bayyer"ni tanladim. Men Fergyuson murabbiyligi vaqtida ham hammaga aytar edim, hech qachon "Manchester Yunayted"ga qarshi o‘ynamasligimni. De Xea mening eng yaxshi do‘stim. Biz deyarli har kuni u bilan muloqot qilamiz. Men shuningdek, Kerrik va Yang bilan aloqalarni uzmaganman. Menimcha jamoaning faxriy o‘yinchilari hozirgi vaziyatdan juda norozi holda yurishibdi.

Men albatta, qachondir "Manchester Yunayted" safiga qaytish imkoni paydo bo‘lsa, undan foydalanaman. Hozircha esa Germaniyadagi ishlarim yaxshi ketmoqda", deydi Chicharito The Sport Bible nashriga.

Ma'lumot uchun, Chicharito "MYu"dagi ilk mavsumida 13ta gol urgandi. Jamoada bosh murabbiy o‘zgargach, u asosiy tarkibdan tushib qoldi.

U o‘tgan mavsumni "Real" safida ijara asosida o‘tkazgan, lekin u yerda ham asosiy tarkibga kira olmagach, ortga qaytarilgandi.

Yozdagi turnedagi ishtirokdan qaytilgach, uni "Bayyer"ga transfer qilishdi.

Bu futbolchi Germaniyada o‘zini juda a'lo darajada his qilmoqda.

Chicharito Bundesliganing joriy mavsumidagi 12ta o‘yinda 15ta gol urdi.

Top