12:34 / 15.12.2015
7466

Mourino: "Chelsi" futbolchilari menga xiyonat qilishdi va endi APLning kuchli to‘rtligiga kira olmaymiz

"Chelsi" jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino o‘z shogirdlarini "Lester"ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yindan keyin keskin tanqid qildi.

"Biz ikkita sharmandali gol o‘tkazib yubordik va men buni hazm qila olmayapman. Men o‘zimning asosiy xislatim sifatida raqib o‘yinini oldindan yaxshi o‘rganish va bo‘ladigan o‘yinda shunga mos taktika tanlab, ko‘rsatmalar berishni bilaman. Hozirda esa men sotqinlikka uchragan kishi sifatida his qilmoqdaman.

Futbolchilar yaxshi formada bo‘lishmasa, gol urishlari qiyin. Jamoaning asosiy futbolchilarining formasi yomon holatda bo‘lsa esa, gol urish deyarli ilojsiz ishga aylanadi. O‘tgan mavsumda men ularni yuqori saviyaga chiqarish uchun juda ko‘p ish qilgandim.

Jamoa hozirda xavfli zonaga juda yaqin turibdi, lekin bu mavsum so‘nggida chempionshipga tushib ketmaslik uchun kurashadigan jamoa bo‘lmaymiz.

Vaziyatni qanday o‘nglash kerakligini bilaman, ishlashda davom etish lozim. Men mashg‘ulotlar vaqtida futbolchilarga e'tiroz bildira olmayman, ular barchasini men istagandek bajarishadi. Ammo ularning maydonga tushgach, o‘yin davomidagi harakatlarini tomosha qilish ayanchli.

Yana shuni aytishim kerakki, biz mavsum so‘ngida kuchli to‘rtlikda bo‘lish imkoniyatini yo‘qotdik", deydi murabbiy Sky Sports telekanaliga bergan intervyusida.

Jamoa APLning 16 turida "Lester"dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan keyin 15 ochko bilan 16 o‘rinda turibdi. To‘rtinchi o‘rindagi "MYu" hisobida esa "Chelsi"dagidan 14 ochko ko‘proq.

Top