18:55 / 15.12.2015
4210

Qochqinlar umidlari ushalmagach, Avstriyani tark etishmoqda

Kosovalik, iroqlik va afg‘onistonlik qochqinlar Avstriyani umidlari ushalmagach, tark etmoqdalar. Muhojirlarning aytishicha, bu mamlakatda ularga yuqoriroq darajada e'tibor ajratishlarini kutishgan va qochqin maqomi olish osonroq kechadi, deb o‘ylashgan. Bu haqda The Local nashri ma'lum qilmoqda.

Caritas xayriya tashkiloti vakili Martin Gantnerning izohlashicha, ba'zi muhojirlar “deportatsiya va kamsitilishdan” qo‘rqib, ba'zilari oilalarini sog‘inib, qolganlari esa Avstriya va Yevropa ular o‘ylaganchalik bo‘lib chiqmagani uchun uylariga qaytishmoqda.

“Bu yerda ular noaniqliklarga duch kelishmoqda, ko‘plab qochqinlar jabr ko‘rgan va xavfsizlik sharoitlariga muhtojdirlar”, deydi Gantner.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Avstriyani joriy yilning yanvaridan noyabrigacha o‘z istagi bilan 1,1 ming kosovalik, 530 iroqlik va 120 nafar afg‘on tark etgan. Taqqoslash uchun, 2014 yilda Avstriyani faqatgina 2 iroqlik, 9 afg‘on va bir eronlik tark etgandi.

Vena inson huquqlarini himoya qilish uyushmasi rahbari Gyunter Ekkerning aytishicha, bu holat kelajakda ham saqlanib qoladi.

“Ko‘plab iroqliklar yaxshiroq ijtimoiy himoya kutganlarini aytmoqdalar, ularning ko‘pi qochqin maqomi olish jarayoni qancha davom etishini hattoki bilmaydi. Ular oilalari ularga bir yil yoki undan ko‘proq vaqtdan keyin kelib qo‘shilishlarini hattoki tasavvur ham qilmaganlar”, deb aytmoqda Ekker.

Nashrning ta'kidlashicha, Kosova yetarlicha xavfsiz davlat hisoblangani uchun bu mamlakatdan kelgan muhojirlarning boshpana olishga imkoniyati juda kam, biroq Iroq va Afg‘onistondan kelgan muhojirlar uchun bu jarayon bir muncha soddalashtirilgan.

Top