10:40 / 15.12.2015
4372

Qozog‘istonlik o‘g‘rilar qurbonlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali topmoqdalar

Qozog‘istonlik o‘g‘rilar o‘zlarining jinoyatlarini amalga oshirishda yangi innovatsiyalardan foydalanmoqda. O‘g‘rilar o‘z qurbonlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib, topmoqdalar, deb xabar bermoqda KTK telekanali.

Uy egalari o‘z uylarini tark etganlari haqida xabar paydo bo‘lishi bilan o‘g‘rilar shu uyga o‘g‘rilikka tushmoqdalar. Politsiya qozog‘istonliklarni ogohroq bo‘lish va uylarni qarovsiz qoldirmaslikka chaqirmoqda.

O‘g‘rilar asosan o‘ziga to‘q odamlarni qurbon sifatida tanlaydilar.

Ijtimoiy tarmoqda Qozog‘istonda taniqli aktrisa Saya O‘rozg‘aliyevaning 150 ming obunachisi bor. Ulardan aynan biri aktrisaning uyiga o‘g‘rilikka tushgan jinoyatchi bo‘lishi mumkin. O‘g‘ri aktrisaning uyidan pullar, zeb-ziynatlar va planshetni o‘g‘irlab ketgan. Aktrisa keyinroq instagramda ma'lum qilganidek, uyida hech qanday qimmatbaho narsani saqlamas ekan.

“Biz uyda 4 soatgina bo‘lmagandik, bundan avval men ahmoqlik qilib ijtimoiy tarmoqlarda onam 10 kunga biznikidan ketganini yozgandim. Sal o‘tib men instagramda o‘g‘lim bilan bir tadbirda bolalar restoranida ekanligimni yozgandim”, deb aytmoqda aktrisa.

Politsiyada aytilishicha, jinoyatchilar avvaldan olingan ko‘rsatma bo‘yicha harakat qilishgan. Instagramdagi aktrisaning xabari jinoyatchilarga juda qo‘l kelgan. Endi aktrisa turli tadbirlarda tushgan rasmlarini real vaqtda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaydigan bo‘ldi.

“Bizning odamlar o‘z hayotining har bir daqiqasi, har bir soatigacha ijtimoiy tarmoqlarda qo‘yishni xush ko‘radilar. Jinoyatchilar bundan foydalanadilar, sahifalarga kirib, odamlar qanday yashayotgani, kim qanday mavqega egaligi, qanday kiyim kiyishi, qanday mashinada yurishi, qanday kurortlarga borishi, qayerlarga ishchi safarlarga borishini kuzatadilar. Va shu ma'lumotlarga asoslanib jinoyatchilar odamning badavlatligi haqida fikr chiqaradi”, deb aytmoqda Olmaota prokuraturasi tuman bo‘limi boshlig‘i Arsen Begalin.

Pavlodarlik jinoyatchilar to‘dasi ham shunday yo‘l bilan Ostonada jinoyat sodir etgan. Ijtimoiy tarmoqda jamodon rasmi paydo bo‘lishi bilan, o‘g‘rilar bo‘sh uyga bemalol qirib, o‘z jinoyatini amalga oshirgan. Jinoyatchilar o‘z qurbonlarining sahifasiga avvaldan obuna bo‘ladilar. Ba'zi urinishlar evaziga ular qurbonlari haqida qo‘shimcha ma'lumotlarni oladilar. Ko‘pincha qurbonlarning o‘zi telefon raqamlari, manzillarini sahifalariga joylashtiradilar.

Ostonaning birgina tumanida yil boshidan 11 mingdan ko‘proq xonadonga o‘g‘ri tushgan. O‘g‘rilar asosan xususiy uylarga ko‘proq o‘g‘rilikka tushadilar. Huquq-tartibot muassasalari bu muammoni hal qilishga nostandart yondashdi: ular aholi uchun maxsus videorolik yozdirdilar hamda unda aholini ogohroq bo‘lish va o‘z uylarini uzoq vaqtga qarovsiz qoldirmaslikka chaqirdilar.

Politsiya va prokuratura odamlarni kamroq maqtanchoqlik qilishga va kamtarroq bo‘lishga chaqirmoqda. O‘g‘rilar ham ogohlantirib o‘tildi: ushbu jinoyat uchun 10 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.

Top