08:17 / 16.12.2015
13647

Rossiya Turkiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirmoqchi

Rossiya hukumati Turkiyaga nisbatan sanksiyalari ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda "Kommersant'" nashri. Rossiya qurilish va sayohatdan tashqari, o‘z sanksiyalarini mehmonxona biznesi, davlat buyurtmalari hamda uchuvchilarni o‘qitish va yog‘ochni qayta ishlash sohalariga qo‘llashi mumkin.   

“'” nashri manbalarining ta'kidlashicha, gap Rossiya kompaniyalari uchun turk kontragentlari bilan shartnoma tuzganda ish va xizmatlar importini taqiqlash haqida ketmoqda.

Amaldor shaxslardan birining aytishicha, cheklovlar yangi shartnomalarga ta'sir qiladi, Rossiyada faoliyat yuritayotgan turk kompaniyalariga bu cheklovlar qo‘llanmasligi mumkin. Amaldorning aytishicha, “Rossiya o‘zining qo‘l, oyog‘ini bog‘lamoqchi emas, sanksiyalar birinchi navbatda Rossiya iqtisodiyotiga minimal darajada zarar yetkazishga qaratilgan”.

Yangi aksilturk sanksiyalarini nazorat qilishi kerak bo‘lgan Rosfinmonitoring tashkilotida qaror loyihasini hali ko‘rishmaganini, biroq nazorat jarayoni “standart” bo‘lishini aytib o‘tishdi.

Avvalroq Rossiya Markaziy banki rossiyaliklar uchun Turkiyaga qarshi sanksiyalar tufayli oziq-ovqat mahsulotlariga narxlar oshishi mumkinligini prognoz qilayotgani ma'lum qilingandi. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda to‘xtashlar yuzaga kelishi mumkinligi aytilmoqda.  

Top