14:44 / 16.12.2015
3807

2014 yilda IShID jangarilari 900 million dollarga ega bo‘lishdi

IShID neft konlari hamda Suriya va Iroqda yashayotgan aholidan yig‘ilgan soliq to‘lovlari hisobidan topilgan yuz millionlab dollarni harbiy kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflamoqda.

Bu haqda seshanba kuni The Financial Times gazetaning elektron ko‘rinishida e'lon qilingan jangarilar daromadlari va harajatlariga bag‘ishlangan so‘z boradi.

Gazeta tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, Suriya va Iroqdagi jangarilar 2014 yil mobaynida qo‘l ostidagi hududlarda neft qazib olish, aholidan majburiy yo‘l bilan tortib olingan pul mablag‘lari hamda qimmatbaho boyliklar hisobiga 900 million dollarga yaqin mablag‘ga ega bo‘lgan.

Daromadlarning uchdan ikki qismi – 600 million dollarga yaqini jangarilarni moliyalashtirishga sarflangan.

Shuningdek, har oyda 20 million dollar xorijlik yollanma jangarilardan tarkib topgan asosiy zarba kuchlariga ajratilgan. Taxminan 15-20 million dollar esa mahalliy jangarilar uchun yo‘naltirilgan.

“O‘n millionlab dollarlar asosan jangovar qurol-aslaha va portlovchi moddalarga sarflanmoqda”, - deya yozmoqda gazeta. Jangarilarning bir hafta urush olib borishi uchun 1 million dollarlik o‘q-dorilar kerak bo‘ladi.

“Bularning barchasiga IShID kuniga o‘n minglab barrel neftni qazib olayotgani evaziga erishmoqda”, - deya qayd etadi nashr.

Bundan tashqari, IShID oyiga 10-15 million dollarni shaxsiy xavfsizligini ta'minlash uchun sarflamoqda, deya xabar berdi The Financial Times gazetasining axborot manbasi.

“Guruh agentlari ayni paytda Turkiya va Iordaniya kabi davlatlarda ish olib bormoqda. Shuningdek, IShID telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun ham pul sarflamoqda”, - deb yozadi gazeta.

Mazkur ma'lumotlarning haqiqiyligini esa IShID tarkibidan qochib chiqqan sakkiz kishi ham tasdiqlagan.

Top