Texnologiya | 20:13 / 16.12.2015
2556
3 daqiqa o‘qiladi

Aston Martin Xitoy kompaniyasi uchun elektrokar yaratib beradi

Aston Martin kompaniyasi Xitoyning Letv internet-korporatsiyasi uchun elektrokar yaratib bermoqchi, deb xabar bermoqda Autocar nashri. Hamkorlikning bunday varianti tomonlar o‘rtasida aprelda o‘tkazilgan Shanxaydagi motorshoudan beri davom etib kelayotgan uzoq muzokaralardan keyin imzolangan hamfikrlik memorandumida ko‘zda tutilgan.

Kelishuvda ikki kompaniya “so‘zlashuvchi” avtomobillar texnologiyasi yaratishdan tortib elektrokarlarni qurish bo‘yicha maslahatlarni o‘z ichiga olgan tadqiqot dasturlari ustida ish olib borishlari ko‘rsatilgan.

Letv ishlanmalari orasida avtomobillarning bort elektronikasini boshqarish uchun tayyorlangan LeUI nomli operatsion tizim ham bor. U ovoz, sensor buyruqlari va imo-ishoralar bilan turli tizimlarni boshqarishga imkon beradi va yo‘llarda onlayn-radio va musiqa strimingi xizmatlari, internet va shoshilinch xizmatlarga ulanishni taqdim qiladi.

Aston Martin va Letv kompaniyalari hamkorligining birinchi natijalaridan biri infratuzilma obektlari va boshqa avtomobillar bilan o‘zaro ta'sirlashuv tizimi bilan jihozlangan Rapide S’ning kontseptual varianti bo‘ladi. Prototip 2016 yilning yanvarida Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan iste'molchilik elektronikasi ko‘rgazmasida namoyish qilinadi.

Letv vakillarining aytishicha, kompaniya o‘z elektrokarini yaratishda “yetarlicha odimlagan”. Hozircha Le Supercar deb atalayotgan avtomobilning kontseptual varianti keyingi yil aprelida Pekindagi motorshouda namoyish qilinadi. Autocar’ning “Aston”dagi manbasining qo‘shimcha qilishicha, Xitoy kompaniyasi uchun seriyali model Britaniyaning Gaydon shahridagi korxonada yig‘iladi.

“Aston” o‘zining shaxsiy elektrokarini 2017 yilda seriyali tarzda ishlab chiqarmoqchi. Rapide negizidagi prototip oktabrda namoyish qilingandi. Ushbu sportkar ikki modifikatsiyada taqdim qilinadi: umumiy yo‘llar uchun mo‘ljallangan 560 ot kuchiga ega elektr dvigatelga ega va umumiy quvvati 800-1000 ot kuchini beruvchi 4 ta motor bilan jihozlanadigan treklar uchun. Mashinaning narxi 200 ming funt sterlingdan (308 ming dollardan) boshlanishi kutilmoqda. Yiliga 400 ta elektrokar ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish