18:11 / 16.12.2015
12078

OAV nega nikoh yoshiga yetmagan qizlarning to‘ylari to‘xtatib qolinayotganini tushuntirdi

“Oila davrasida” gazetasi yana bir bora erta turmush qurishning zararli tomonlariga to‘xtalib o‘tdi. Yangi materialda bu sohada boshqa davlatlarning tajribalariga ham to‘xtalindi.

“Bugun yurtimizda yoshlarning barvaqt oila qurishiga yo‘l qo‘ymaslikka nega bu daraja katta e'tibor qaratilayotganining sababini hammamiz ham tushunib yetyapmizmi? Atrofga qaraylik: falon viloyatda nikoh yoshiga yetmagan qizning to‘yi vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi, falon shaharda faloncha erta nikohning oldi olindi, degan axborot-ma'lumotlarning aslida qay darajada ahamiyatli ekanini his qilyapmizmi?”, - deb yozadi maqola muallifi.

Uning ta'kidlashicha, o‘zbek xalqi o‘g‘il farzandlarini oilalik qilishga ko‘p shoshilmagani bilan, qizlarini imkon qadar ertaroq uzatishga harakat qiladi. Buning oqibatida hali turmushga tayyor bo‘lmagan qizlar bebaxt bo‘lishi holatlari kuzatiladi. Natijada ota-onalar orzu-havasni deb yoshlarning umrini xazon qilgani qoladi.
“Tengi chiqsa, tekinga ber”, degan oilalar o‘rtasidagi ijtimoiy muvozanatni saqlashga ishora qiluvchi ajoyib maqol noto‘g‘ri talqin qilinadi: go‘yo, qiz bolaning tengi chiqsa, nikoh yoshiga yetishini kutib o‘tirish shart emasday”, - ta'kidlaydi muallif.
“Nikoh yoshini belgilashda har bir davlat o‘z milliy shart-sharoiti, hududiy o‘ziga xosligi, aholining nikohga munosabati va reproduktiv holatidan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, tarixiy-milliy an'analariga muvofiq ravishda ish yuritadi hamda bu qonun va qonunosti hujjatlarida o‘zining huquqiy aksini topadi, — deydi bu borada xalqaro tajribani o‘rgangan olima, psixologiya fanlari doktori Vasila Karimova. — Aksariyat davlatlarda nikoh yoshini yigit va qiz uchun bir xil etib belgilash maqsadga muvofiq, deb hisoblanar ekan”.

Ma'lumot berilishicha, nikoh yoshi har davlatda har xil. Masalan, AQSh, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Braziliya, Daniya, Kanada, Meksika, Misr, Rossiya, Turkiya, Finlyandiya kabi davlatlarda nikoh yoshi 18 yosh deb qonunan belgilangan. Yaponiya va Janubiy Koreyada — 20, Argentina va Malayziyada esa 21 yosh nikohdan o‘tish uchun rasman ruxsat etilgan davr hisoblanadi.

O‘zbekistonda nikoh yoshi qizlar uchun 17, yigitlar uchun esa 18 yosh etib belgilangan.
“Biroq bu yigit-qizlar shu yoshga yetganda ularning albatta boshini ikkita qilib, uylantirish kerak, degani emas, - tushuntiradi jurnalist. – Bu yosh chegaralari yigit-qizlarning nikohga kirishi uchun rasman ruxsat etilgan eng quyi chegarasidir, xolos”.

Top