22:43 / 16.12.2015
4739

O‘zbekiston va Tojikiston TIVlari o‘rtasidagi maslahatlashuv kuni noma'lum muddatga qoldirildi

Dushanbeda O‘zbekiston va Tojikiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan siyosiy maslahatlashuvlar belgilangan vaqtda bo‘lib o‘tmaydigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma'lum qildi.

“Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra O‘zbekiston va Tojikiston TIV delegatsiyalarining siyosiy maslahatlashuvlarini o‘tkazish keyinroq muddatga qoldirildi", deyiladi xabarda.

Bundan oldinroq, mazkur maslahatlashuvlar 2015 yilning 17-18 dekabr kunlarida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tishi haqida xabar qilingan edi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylari maslahatlashuvi hali biror marta o‘tkazilmagan.

Bu maslahatlashuv ikki davlatning munosabatlari iliqlashayotganini ko‘rsatishi aytilgandi.

Maslahatlashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, savdo-iqtisodiy va transport sohalarida munosabatlarni rivojlantirish choralari ko‘rib chiqilishi, shuningdek, hududiy muammolar, Afg‘onistondagi holat yuzasidan fikrlar almashinishi ko‘zda tutilgandi.

Ma'lumot uchun, Sobiq Ittifoq tarqalib ketgach, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar murakkablashgandi. Ikki mamlakat o‘rtasida 1992 yilda o‘zaro havo parvozlar bekor qilingan, 2001 yilda esa avval O‘zbekiston, so‘ng Tojikiston o‘zaro viza tartibini kiritgandi.

O‘zbekiston Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishiga qarshi. O‘zbekiston tomonining nuqtai-nazariga ko‘ra, Tojikiston va Qirg‘izistonda GESlarning qurilishi oqibatida transchegaraviy daryolar suvlari bir mamlakatning nazorati ostiga o‘tib qoladi va mintaqa ekologiyasiga juda katta zarar yetkaziladi.

Top