09:22 / 16.12.2015
6512

O‘zbekistonlik tarixchi dashnoqlarning Turkistondagi faoliyati haqida kitob nashr ettirdi

O‘zbekistonlik tarixchi va publitsist Shuhrat Barlosning “Turkestan i Yujnyy Kavkaz XIX-XX vv. Dashnaki ot Fergany do Karabaxa” (Turkiston va Janubiy Kavkaz XIX-XX asrlarda. Dashnoqlar Farg‘onadan Qoraboqqacha) nomli yangi kitobi nashrdan chiqdi. Bu haqda Kun.uz tahririyatiga muallifning o‘zi xabar berdi.

Nashr Ozarbayjonning Toshkentdagi elchixonasi hamda Ozarbayjon prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi ko‘magida amalga oshirildi.
Kitob Turkiston o‘lkasining XIX asr oxiri va XX asr boshidagi vaziyat, jadidchilik harakati, chorizm siyosati, Oktyabr inqilobi hamda Turkiston muxtoriyati tarixiga bir nazardir. Unda asosiy o‘rin Usmonli va Rossiya imperiyalari hududida armani millatchi tashkilotlarining yuzaga kelishi hamda ularning terrorchilik faoliyatiga qaratiladi.

Jumladan, dashnoqlarning (Dashnaktsutyun partiyasi) bolsheviklar bilan hamkorlikda Turkiston muxtoriyatini qulatishi, Qo‘qonda uyushtirilgan qirg‘in, bundan keyin ham uzoq davom etgan qotilliklar va yalpi qirg‘inlar tasvirlanadi.

Kitobda, shuningdek, arman genotsidi muammosi ham ko‘tarilib chiqadi. Muallif bu masalaga Ozarbayjon va Turkiya tarixchilarining yondashuvini yoqlab, mazkur kontseptni tanqid ostiga oladi.
Kitobning asosiy adadi allaqachon xarid qilinib, Ozarbayjonning rasmiy strukturalariga yetkazilgani aytilmoqda. Endilikda kitob boshqa tillarga tarjima qilinishi kutilmoqda.

Eldor Asanov tayyorladi

Top