O‘zbekiston | 09:18 / 16.12.2015
11681
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda propiskadan o‘tgan shaxslar hisobini olib borish uchun “uy daftarlari” yuritiladi

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov 11 dekabr kuni shaharda mulkchilikning barcha shakllaridagi turar-joy ko‘chmas mulk obektlarida ro‘yxat (propiskadan) o‘tgan shaxslarning hisobini olib borish maqsadida “uy daftarlari” yuritilishini ko‘zda tutuvchi qarorni imzoladi.

Fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash uchun Toshkent shahriga kelish-ketish jarayonlarini tartibga solish maqsadida qabul qilingan hujjatda tuman hokimiyatlari va ichki ishlar bo‘limlariga barcha xonadonlar va xususiy uylarda “uy daftarlari”ni yuritishni ta'minlash vazifasi topshirildi.
Shuningdek, qarorga binoan, Toshkent shahridagi har bir mahalla fuqarolar yig‘inlari shtat jadvaliga fuqarolarning pasport tizimi masalasi bilan shug‘ullanuvchi bittadan shtat birligini joriy etiladi.

Uning vazifasi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylarda yashovchilarning ro‘yxatini shakllantirib borish, pasport tizimi bo‘yicha ichki ishlar organlari bilan hamkorlik olib borish hamda aniqlangan noqonuniy holat bo‘yicha ularga axborot berish va boshqalardan iborat.
Hokim qarori matni Toshkent shahar hokimligining rasmiy saytida e'lon qilindi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish