15:37 / 17.12.2015
5893

BMT bosh kotibligi uchun ikki nomzod nomi ma'lum qilindi

BMT Bosh assambleyasi raisi Mogens Lyukketoft BMT bosh kotibligi uchun saylovlar jarayonining boshlangani haqida e'lon qildi. Tarixda birinchi marotaba unda tashkilotga a'zo barcha 193 davlat ishtirok etadi.

Mogens Lyukketoft hamda Xavfsizlik Kengashi raisi, AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer dekabr oyida barcha a'zo-davlatlarni BMT rahbari lavozimiga nomzodlarni ilgari surishga chaqirgan hamkorlikdagi maktubni e'lon qilgan edi. Nomzodlar haqidagi ma'lumotlar a'zo-davlatlarga taqdim etiladi, ularning o‘zlari esa BMTda norasmiy uchrashuv o‘tkazishadi.

“Jarayon ishga tushirilgan. Umid qilamizki, barcha mamlakatlar – BMT tarixida birinchi marta – kelgusi bosh kotib lavozimi uchun ilgari surilgan nomzodlar muhokamasida faol ishtirok etadi”, - dedi Mogens Lyukketoft.
Maktubda o‘tkazilajak barcha jarayonlarning shaffoflikda kechishi lozimligi ta'kidlangan. BMTga a'zo davlatlarga “bosh kotib lavozimiga nomzod sifatida erkaklar bilan bir qatorda ayollarni ham ilgari surish masalasini ko‘rib chiqish taklif etilmoqda.

BMTning bo‘lg‘usi rahbarini aniqlash bo‘yicha yangicha yondashuv nomzodlarga norasmiy muzokaralarda ishtirok etish yoki BMTga a'zo barcha davlatlarning vakillari bilan uchrashish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu barcha uchrashuv va muzokaralar 2016 yilning iyul oyi oxirigacha – Xavfsizlik kengashi nomzodlarni saralashga kirishguniga qadar bo‘lib o‘tishi kerak. Barcha nomzodlar nomi esa mart oyida taqdim etiladi.
Lyukketoft BMT bosh kotibi lavozimiga ikki nomzod nomi ma'lum bo‘lganini ham aytib o‘tdi. Ular Bosh assambleyaning sobiq raisi makedoniyalik Srdjan Kerim hamda Xorvatiya Tashqi ishlar vaziri Vesna Pusichdir.

Top