Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Inklyuziv biznes Urganch va Nukus ayollariga yanada keng imkoniyatlar yaratdi
Xorazm va Urganchdagi inklyuziv biznes loyihalari nogiron qiz va ayollarni ijtimoiy hayotga jalb etish, daromadlarini oshirish va jamiyat rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shishlariga imkoniyat yaratdi.
Farog‘at Sa'dullayevaning tikuv korxonasi Urganchda nafaqat hamyonbop narxlar va yaxshi sifat, balki o‘z xodimlari bilan ham mashhur.
“Urganch milliy tikuvchilik” korxonasi ochilgandan buyon bu yerda nogiron qiz va ayollar ishlab kelayapti. Bu ish ular uchun faqatgina daromad manbasi bo‘lib qolmay, o‘zaro suhbatlashish, o‘qish, malaka oshirish va o‘z salohiyatini amalga oshirish uchun qulay imkoniyat hamdir.
Farog‘at Sa'dullayeva, ushbu korxonaning rahbari, uzoq vaqt davomida Urganchdagi 94-sonli maxsus maktabda tikuvchilikdan saboq berdi. O‘qituvchi sifatida o‘z faoliyatini tugatgandan so‘ng, o‘quvchilarining iltimoslariga ko‘ra mazkur korxonani tashkil etdi. Shu yerda ular birgalikda o‘z faoliyatlarini boshladilar.
2013 yilda BMT Taraqiyot Dasturining “O‘zbekiston Biznes Forumi” loyihasi va Sasol kompaniyasining ko‘magida Farog‘at Sa'dullayeva yangi tikuv mashinalarini sotib olib, korxonasini kengaytirdi. Bugungi kunda “Urganch milliy tikuvchilik” korxonasida 30ga yaqin mahsulot turlari ishlab chiqariladi. Milliy kiyimlar, choyshab va boshqa uyga kerakli mahsulotlar shular jumlasidan.
Faol ayolning ushbu kichik korxonasi muvaffaqiyatli biznes modeli hisoblanadi. “Urganch milliy tikuvchilik” korxonasi 200 nafardan ortiq nogiron qiz va ayollarga tikuvchilik ko‘nikmalarini egallashga yordam berdi. Ushbu yangi faoliyat ularga doimiy daromadga ega bo‘lish hamda o‘z g‘oyalari va mehnati jamiyatga kerakli ekanligini his etishlariga imkoniyat yaratadi.
- Xorazmning turli tumanlaridan har hafta ish so‘rab qizlar murojaat qilishadi. Ularga daromadni oshirish, ish u qadar muhim emas, asosiysi ularni tushunadigan va qabul qiladigan muhitda bo‘lishlari, - deydi “Urganch milliy tikuvchilik” korxonasi rahbari Farog‘at Sa'dullayeva.
Farog‘at Sa'dullayeva o‘z korxonasining fillialarini ochish, ishlab chiqaradigan mahsulot turlarini ko‘paytirish, milliy liboslarni va hunarmandchilik mahsulotlarini sotish, Xorazm kashtachiligi bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazish orqali sayyohlarni jalb etishni maqsad qilgan. Shuning uchun Farog‘at Sa'dullayeva o‘z xodimlari bilan maxsus ko‘rgazmalarda ishtirok etib, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni namoyish etadilar.
Bundan tashqari, Farog‘at Sa'dullayeva fitnes markazi, go‘zallik saloni va kompyuter kurslarini ochishni rejalashtirmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, korxona asosida shunday kompleksning ochilishi qizlarni o‘zlariga, ayniqsa, sog‘liklariga e'tibor bilan qarashlariga o‘rgatadi. Ushbu kompleks barcha uchun ochiq bo‘lib, inklyuziv jamiyatning kichkina modeli bo‘lishi mumkin. Bu yerda barcha, shu jumladan, nogironlar o‘zaro muloqot o‘rnatish va bir-biriga yordam berish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Xorazmda imtihondan o‘tgan ushbu inklyuziv biznes modeli “Orol dengizi inqirozi natijasida jabr ko‘rgan aholining hayotiy faoliyatini ta'minlash” BMT Qo‘shma Dasturi ishtirokida Nukusda ham amalga oshirildi. Nogiron qizlar ishlaydigan tikuv korxonasi Qoraqalpog‘iston nogironlar jamiyati ko‘magida tashkil etilgan.
Inklyuziv biznes loyihalarining natijalari bilan tanishish maqsadida shu kunlarda “O‘zbekiston Biznes Forumi” loyihasining vakillari “Urganch Milliy Tikuvchilik” korxonasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya loyihaning yutuqlari, iqtisodiy samaradorligi bilan tanishib, loyihaning rivojlanish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
- Har bir kishi jamiyat rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘lgan inklyuziv jamiyatni yaratish, aholining iqtisodiy farovonligini oshirish BMTTDning asosiy faoliyatlaridan biridir, - BMTTDning “O‘zbekiston Biznes Forumi (3-bosqich)” rahbari Bahodir Bekov tashrif doirasida aytib o‘tdi.
- BMTTD O‘zbekistonda milliy hamkorlar bilan birga ish joylarini yaratish, biznes muhitni yaxshilash, kam ta'minlangan aholini, jumladan, ayollar va yoshlarni biznesga jalb etishga kabilarga ko‘maklashadi. Ushbu sohada amalga oshirilgan va inklyuziv biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslardan biri bu Savdo-sanoat palatasi va BMTTDning “O‘zbekiston Biznes Forumi” qo‘shma loyihasi hisoblanadi.