O‘zbekiston | 20:33 / 17.12.2015
5091
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyalik tadbirkorlar O‘zbekiston avtosanoati bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda

9-11 dekabr kunlari Toshkentda Italiya-O‘zbekiston savdo palatasi prezidenti Luiji Iperti va Turin shahri savdo-sanoat palatasining tashqi iqtisodiy bo‘limi boshlig‘i Kristian Avantsi boshchiligidagi italiyalik tadbirkorlar delegatsiyasi bo‘ldi.

Italiya biznes-missiyasi tarkibiga Tecnocad Progetti (avtomobil dizayni), Mobitecno (tez tibbiy yordam mashinalari va maxsus transport vositalari), Gruppo CNL (metall buyum va g‘ildiraklar ishlab chiqarish), Meccanotecnica Umbra (avtomobil nasoslari ishlab chiqarish) kompaniyalari vakillari kirdi.

Italiyalik mehmonlar “O‘zavtosanoat” AJ faoliyati bilan tanishish paytida kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari Qobil Azimov tomonidan qabul qilindilar.

Ular o‘rtasida mazmunli suhbat bo‘lib o‘tdi, uning davomida tomonlar hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdorliklarini bildirdilar. Xususan, O‘zbekiston avtosanoati uchun avtomobil butlovchi qismlari va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish dasturlarida Italiya biznesining ishtiroki katta qiziqish uyg‘otadi. O‘z navbatida italiyalik tadbirkorlar O‘zbekistonga o‘z mahsulotlari va texnologiyalarini taqdim qilishlari mumkin.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi biznes-aloqalarni yaqin kelajakda o‘zaro manfaatli loyihalarni hisobga olgan holda chuqurlashtirish kerakligi haqidagi fikrga keldilar.

Hamkorlikning ba'zi variantlarini yaqin istiqbolda amalga oshirish mumkin. Bunday hamkorlikka O‘zbekiston yoqilg‘i quyish stansiyalariga uskunalar yetkazib berishni kiritish mumkin. Ikki davlat tadbirkorlari o‘z aloqalarini davom ettirishga kelishib oldilar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish