08:58 / 17.12.2015
3650

Nyu-Yorkda chiqindi idishidan 5 mln dollarlik brilliantlarni o‘g‘irlagan qorovul qo‘lga olindi

AQSh politsiyasi Nyu-Yorkda chiqindi idishiga ishchilar tomonidan tashlab yuborilgan, umumiy qiymati 5 mln dollar bo‘lgan brilliantlarni olgan qorovulni hibsga oldi.

Politsiyaning ma'lum qilishicha, qorovulning harakatlari kuzatuv kamerasiga muhrlangan. Qo‘lga olingan Uilfred Martines J Birnbach Inc nomli kompaniyaga tegishli zargarlik buyumlari do‘koni qarshisida jinoyat sodir etgan.

Ma'lum qilinishicha, kompaniya xo‘jayini Jonatan Birnbax brilliantlarni yog‘ochdan yasalgan 3ta qutida saqlagan va bu qutilar ochiq seyfda bo‘lgan. Ishchilar ofisda ta'mirlash ishlari olib borish jarayonida bu qutilar ichida nima borligini bilmasdan, ularni chiqindi idishiga tashlab yuborishgan.

Qorovul bu qutilarni chiqindi idishida ko‘rib qolgan va ulardan biridagi qimmatbaho boyliklarni olib, uyiga ketgan. U brilliantlarning bir qismini sotib yuborishga ham erishgan.

U o‘z qilmishlariga iqror bo‘lgan.

Politsiya barcha boylik egasiga qaytarilishini ma'lum qilgan.

Top