14:21 / 17.12.2015
7513

Samarqandda Yangi yil kuni restoranlarning ishlashi taqiqlandi

Samarqand viloyat hokimiyatida Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va va uni kutib olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga viloyat hokimi Z. Mirzayev rahbarlik qildi.

Uchrashuv davomida shahar ko‘chalarida bayram shukuhini yaratish, xiyobon va binolarni bezash, maydonlar va tashkilotlarda archalar o‘rnatish, xayriya va madaniy tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Tadbirlar tashkil etish, ularga artistlar, aktyorlar va iqtidorli yoshlarni jalb qilish uchun javobgarlik madaniyat va sport ishlari bo‘yicha viloyat boshqarmasi zimmasiga yuklandi.

Xavfsizlik masalasiga alohida to‘xtalindi. Viloyat rahbari huquq-tartibot organlari va fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari oldida turgan asosiy vazifalarni belgilab berdi. Jumladan, odamlar to‘planadigan joylarda IIB xodimlari va jamoat tashkilotlari ishchilaridan iborat guruhlar navbatchiligini tashkil etish, pirotexnika vositalarining sotilishini cheklash belgilandi. Shuningdek, ko‘chalarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya me'yorlariga mos kelishini jiddiy tekshirish, sertifikatlanmagan mahsulotlarni sotishni taqiqlash ko‘rsatildi.

“Samarkandskiy vestnik” nashrining yozishicha, an'anaviy savdo yarmarkalarining tashkil etilishiga mas'ul shaxslar belgilanib, ularda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari past narxlarda va to‘lov terminallari vositasida sotilishi belgilandi. Bundan tashqari, restoran, bar va kafelar faoliyatiga cheklov o‘rnatildi. Yangi yil bayrami o‘tadigan kunlarda bunday muassasalarga soat 23:00ga qadar ishlash tavsiya etildi, bunda to‘plangan mehmonlar soni 400 kishidan oshmasligi kerak. Yangi yil oilaviy bayram ekanligi inobatga olingan holda, 31 dekabr kuni bunday muassasalar yopiladi.

Top