Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shvetsiya Suriya xalqi uchun 200 mln dollar miqdoridagi insonparvarlik yordami ajratadi
Shvetsiya hukumati keyingi 5 yil davomida Suriya aholisi uchun insonparvarlik yordami sifatida 1,7 mlrd krona (200 mln dollar) miqdoridagi yordam mablag‘i ajratishga qaror qildi. Bu haqda mamlakatning xalqaro munosabatlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha vaziri Izabella Lyovin ma'lum qildi. U yordam mablag‘lari BMTning maxsus jamg‘armasiga berilishini aytgan.
"Gap dunyoda tinchlikni ta'minlash chorasi haqida ketmoqda", deya qayd etgan vazir.
Uning aniqlik kiritishicha, bu mablag‘lar Suriyadagi sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasi uchun sarflanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, insonparvarlik yordamining bir qismi Livan, Iordaniya hamda Turkiya kabi qo‘shni davlatlar hududiga qochib o‘tgan suriyaliklar uchun yo‘naltiriladi. U bu mablag‘ Suriyaning amaldagi prezidenti Bashar Asad ishtirokisiz sarflanishini ta'kidlagan.
"Biz Bashar Asad rejimi bilan hamkorlik qilmoqchi emasmiz. Yordamlar BMT, YeI va fuqarolik tashkilotlari vositasida yetkaziladi. Unutmaslik kerakki, Suriyada odamlar qo‘rqinchli darajada hayot kechirishmoqda. Mamlakatdagi 2 million bola maktabga bormaydi, aholining 60 foizlik qismi ishsiz hisoblanadi. Biz ta'lim sohasini rivojlantirishimiz kerak, chunki bolalar va yoshlar kelgusida jangchilarga aylanmasliklari kerak. Bu pullar hududda yangi ziddiyatlar yuzaga kelmasligida yordam berishini niyat qilganmiz", deydi Lyovin.