18:59 / 17.12.2015
5002

Sud-tibbiyot ekspertizasi xodimi xulosa uchun 800 ming so‘m pora talab qilgani uchun 5 yilga qamalib ketdi

Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritib kelgan tibbiyot xodimi Normuhammad A'zamov 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Darakchi” gazetasi yozmoqda.

Aytilishicha, A'zamov 2004 yil mayidan Qarshi tumani sud-tibbiy eksperti vazifasida, 2014 yil 1 avgustidan boshlab o‘rindoshlik asosida Dehqonobod tumanlararo sud-tibbiy eksperti lavozimida ishlab kelgan.

2014 yil 28 dekabr kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialining reanimatsiya bo‘limiga Dehqonobod tumanida yashovchi O‘rol Choriyev tan jarohati bilan og‘ir ahvolda olib kelingan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, u vafot etgan. Ichki ishlar idorasi xodimlarining qaroriga asosan fuqaro Choriyevning murdasi sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim edi.

Bunday tekshiruvni o‘tkazish o‘rniga A'zamov marhumning o‘g‘liga, agarda u 800 ming so‘m pul olib kelib bersa, Choriyev yopiq miya shikasti, bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi tufayli olamdan o‘tgani haqida xulosa tayyorlab berishini aytgan.

Bu holatdan jahli chiqqan farzand tibbiyot xodimi ustidan tegishli joylarga arz qilgan. Natijada u pora olayotganida jinoyat ustida qo‘lga olingan.

A'zamov, 5 yillik qamoqdan tashqari, 2 yil davomida mansabdorlik lavozimlariga chiqishdan mahrum qilinish jazosiga hukm qilindi.

Top